“Zamin” fondi tomonidan Jahon bolalar kuniga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilmoqda
Jamiyat
−
19 noyabr 2020
3715Bugun, 19 noyabr kuni BMT vakolatxonasi va “Zamin” fondi tomonidan Jahon bolalar kuniga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilmoqda.
BMTning ixtisoslashgan muassasalari “Zamin”№ xalqaro jamoat Fondining har yili 20 noyabrda nishonlanadigan Jahon bolalar kuniga bag‘ishlangan veb-forum o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan
Xalqaro veb-forum doirasida “Bolalarning ta’lim olish huquqi: pandemiya davridagi dolzarblik, bardavomlik va innovatsiyalar” mavzusida COVID-19 pandemiyasi sharoitida sifatli ta’limdan foydalanish va uni qamrab olish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari oldiga muqobil ta’lim dasturlarini joriy etishning dolzarbligi va imkoniyatlarini baholash vazifasi qo‘yilgan.
BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Mohammad sessiya ishtirokchilari oldida nutq so‘zlaydi. Forumning yalpi majlisidagi xorijiy ishtirokchilar qatorida BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Tatyana Valovaya, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German va UNISEF’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan ham bor.
Tadbir video-konferensiya formatida o‘tkazilmoqda. BMTning boshqa institutlari rahbarlari, xorijiy ekspertlar, shuningdek xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, yoshlar tuzilmalari va O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Forum natijalariga ko‘ra yakuniy rezolyutsiya qabul qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, bolalarning farovonligini ta’minlash faoliyatiga bag‘ishlangan Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni 1954 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan e’lon qilingan.
1959 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani, 1989 yilda esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi. 1990 yildan boshlab, Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni bilan bir qatorda ushbu ta’sis hujjatlar qabul qilingan kun ham nishonlanadi.
Inson huquqlari to‘g‘risidagi eng muhim shartnoma bo‘lgan Konvensiya bolalar huquqlari to‘plamini, shu jumladan yashash, sog‘liq, ta’lim olish, dam olish va bo‘sh vaqt o‘tkazish, ota-ona qaramog‘ida bo‘lish, fikr bildirish hamda zo‘ravonlik va kamsitishlardan himoya qilinish huquqlarini o‘z ichiga oladi.
Ushbu muhim kunning BMTga a’zo davlatlar tomonidan nishonlanishi, muloqot va faol harakatlar orqali dunyoda bola huquqlarini himoya qilish hamda bolalar uchun qulay muhitni rivojlantirish masalasiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish imkoniyatini beradi.
LiveBarchasi