“Zaldan chiqib keting, guvohnomani topshiring”. Umurzoqov oyog‘i yerdan uzilgan hokimlarni ishdan qanday haydadi?

Jamiyat

Xabaringiz bor, kecha, 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda 5 tuman hokimi va “O‘zbekchorvanasl” agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov lavozimidan ozod etildi. Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga prokurorni haqoratlagani va uning ishiga noqonuniy aralashgani uchun jarima jazosi tayinlandi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Umurzoqovning ushbu yig‘ilishda aytgan gaplari tushirilgan audio tarqaldi. U to‘rachilik kayfiyatidan voz kecholmayotgan, oyog‘i yerdan uzilgan hokimlar va mansabdorlar faoliyatidan norozi. Umurzoqovga ko‘ra, aynan shunday lavozim egalari Prezident jamoasi nomiga dog‘ tushirmoqda. 

Prezident Administratsiya rahbari ishdan olingan barcha hokimlarga birma-bir murojaat qilib, aybini, xatosini aytarkan, majlisni tark etishlari va guvohnomalarini tashlab chiqib ketishlarini buyurdi. 

“Men aytgan mutasaddilar mikrofon oldiga chiqsin: Andijon tumani hokimi Egamberdiyev, Asaka tumani hokimi Alixonov, Paxtaobod tumani hokimi Usmonov. Demak, Andijon tumani hokimi Egamberdiyev janobi oliylari, ayvonda o‘tirmayaptilarmi selektorda? Mana hamma ko‘rdi, butun dunyoga sharmanda bo‘ldik. Ayvonda o‘tirib olib, masofani saqlash bahonasi. Nimaga sektor rahbarlarini oldingizga o‘tkazib qo‘ydingiz masofani saqlamoqchi bo‘lsangiz? Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog‘dorlik, kibru havo bu nima degan gap? Butun jamiyatimiz, ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Jamoatchilik oldida siz o‘zingizni emas, Andijon tuman hokimligini emas, butun davlat tizimini, Prezident “komanda”sini obro‘sizlantirishga olib keldingiz. Shuning uchun bugun hurmatli Prezidentimiz qaror qabul qildilar, birinchidan, siz egallab turgan lavozimingizdan bugun ozod qilinasiz, ikkinchisidan, sizning bu xatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting zaldan. 

Asaka tumani hokimi janob Alixonov, yer ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2390 gektar yer noqonuniy ajratilgan. 2021-2022 yillarda, bir yarim yilni ichida yer bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bo‘yicha 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shuning uchun, bugun hurmatli Prezidentimizning qarorlari bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz. Chiqib keting zaldan, sizning xaqqingiz yo‘q bu zalda o‘tirishga. 

Paxtaobod tumani hokimi Usmonov janoblari, har bir oila tadbirkor dasturi doirasida “Barlos asali” fermer xo‘jaligiga chorva hayvonlari uchun sizning topshirig‘ingiz bilan 4 milliard 8 million so‘mlik 291 ta imtiyozli kredit berilgan. Hozir fuqarolarga qo‘ylar haqiqatan yetkazib berilganligi va boshqa holatlar o‘rganilyapti, alohida tekshirish bo‘lyapti. Bu o‘z yo‘liga, ikkita boshqa holatlar isboti, dalili, rasmi, audiosi bilan meni stolimda turibdi. Bugun hurmatli Prezidentimizning topshiriqlari bilan siz lavozimingizdan ozod etilasiz, zaldan chiqib keting”, deydi Umurzoqov.

U Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga yuzlanib, lavozimidan ozod etilgan uch tuman hokimi masalasini tezroq hal qilishni, ular binodan chiqib ketayotganda guvohnomasini olib qo‘yishni buyurdi: 

“Shuhratbek Qo‘shoqboyevich, hozir mana shu uchta hokimni masalasini tezkor hal qilasiz. Bular hozir binodan chiqib ketishda guvohnomasini olib qo‘ysin, binodan sharmanda qilib chiqarib yuborilsin, ikkinchi yaqinlashtirilmasin”. 

Shuningdek, Umurzoqov Farg‘ona tumani hokimi Mo‘minovni ham lavozimidan ozod qilinganini aytarkan, u bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini urg‘uladi. 

“Farg‘ona tumani hokimi Mo‘minov janoblari, mikrofonga keling, siz ham juda yaxshi bilasiz, hozir alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qarorlar chiqarilgan sizning tumaningizda. Unumdor bo‘lgan 25 gektardan ko‘p yer maydonini biriktirish evaziga nimalar bo‘lganini juda yaxshi bilasiz. Janob Mo‘minov yozmasangiz ham bo‘ladi, kitobchangizni yoping, ruchkangizni kissangizga soling. Hurmatli Prezidentimizning bugungi qarorlari bilan Farg‘ona viloyati hokimi Mo‘minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, zaldan chiqib keting. Xayrulla Xayitboyevich (Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov – tahr.), guvohnomasini topshirsin. Hali bu jinoiy javobgarlikka tortilish-tortilmasligi masalasida ikki haftada gaplashamiz”, deydi Umurzoqov.

Uning qayd etishicha, tayinlanganiga 6 oy bo‘lgan hokim ham allaqachon nomiga dog‘ tushirishga ulgurgan.

“Nurobod tumani hokimi chiqsin, Yo‘ldoshev janoblari. Yangi hokim, yarim yil ham bo‘lmadi hali. Bu kishi, menimcha, hokim degani zo‘ravonlik qilishi kerak, “men” deb turib olishi kerak, hokim degani to‘ralarcha yondashishi kerak, deb tushunsa kerak. Yarim yillik hokimimiz mana 23 avgust kuni berilgan vazifalarni vaqtida bajarmaganligini ro‘kach qilib tuman hokimligi devonxona bo‘limi mutaxassisiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Bechora devonxona xodimi xohlasa ham andisha qilgani, tarbiyali bo‘lganidan javob qaytara olmagan. Nechanchi asrda yashayapmiz? Yangi O‘zbekistonga munosib hokim shunday bo‘ladimi? Idora va tashkilotlar rahbarlarini, qo‘l ostingizdagi xodimlarni fuqarolar oldida turli haqoratli so‘zlar bilan kamsitishni o‘zingizga odat qilib olgansiz, janob Yo‘ldoshev. Kim sizga ruxsat berdi? O‘zingizga, oilangizga, butun viloyatga, davlat tizimiga isnod keltirdingiz. Hamma, har bitta aytgan haqoratomuz so‘zlaringizni audiosi ham, “rasshifrovka”si ham bor, hammasi turibdi. Eng ayanchlisi, achinarlisi hurmatli Prezidentimiz ham shuni hammasini ko‘rib, eshitib juda ham qattiq ranjidilar.

Shuning uchun bugun hurmatli Prezidentimiz qaror qabul qildilar, siz hokimlik darajasiga munosib emassiz. Bugun lavozimingizdan ozod etilasiz, zaldan chiqib keting. Chiqib ketayotganida guvohnomasini olib qo‘yinglar”, deydi Umurzoqov. 

Navbat “O‘zbekchorvanasl” agentligi direktori Baxtiyor Otamurodovga keldi. Uning xurmacha qiliqlaridan, xususan Namangandagi mehmonxonada janjal chiqarib, xodimlarni haqorat qilib, ularga buyumlar uloqtirgani aks etgan video Prezident Administratsiyasigacha yetib borgan. 

“Janob Otamurodov, “O‘zbekchorvanasl agentligi” direktori, kattakon, chiqing mikrofonga. Butun dunyo, desak ham adashmaymiz, menga chet eldan ham yuborishdi sizning sarguzashtlaringizni, Telegram orqali yuborishdi. Namangan viloyatida xizmat safari davomida hokazo-hokazo, mayli hammani oldida hozir aytmayman, nimalar qilganingizni hamma ko‘rdi. Bu mutlaqo davlat organi, yana respublika organi rahbarining xatti-harakatiga, darajasiga, lavozimiga to‘g‘ri kelmaydigan holat. Siz davlat tizimini sharmanda qilib, obro‘sizlantirdingiz. Mana hammani oldida turish munosibmi sizga? Hurmatli Prezidentimizning qarorlari bilan siz ham bugun lavozimingizdan ozod etilasiz, chiqib keting zaldan, guvohnomasini qo‘riqchilarga topshirsin”, deydi Administratsiya rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov

Baholaganlar

703

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made