Zaxiraga “mixlanayotgan” Husanov
Tahlil
−
13 aprel
9031Qilar ishni qilib qo‘yib, keyin podkastlarga borib, tarmoqlarda jonli efir qilib o‘zini oqlaydigan shaxslar ko‘pchilikning me’dasiga tegib qoldi. O‘z vazifasini unutib, kerak bo‘lsa jahon darajasidagi futbolchini o‘zim o‘stirganman, deb da’vo qiladigan insonlar ham bor oramizda. Ha mayli.
Abduqodir Husanov ortda qolayotgan haftada klubining ketma-ket o‘yinlarida maydonga tushmadi. Bundan biroz hafsalasi pir bo‘lgan o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini o‘smir futbolchilar Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, harna ovutdi. O‘zbekiston Osiyo kubogi mezbonlik uchun ariza topshirdi. Tugayotgan haftada YeCHL chorak finalining shiddatli o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Sanab o‘tgan mavzularimiz haqida bugun QALAMPIR.UZ’ning sport dayjestida batafsil so‘z ochamiz. Assalomu alaykum.
O‘zbekistonlik o‘smirlar akalaridan oldin JCH masalasini hal qildi
Saudiya Arabistoni mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining 2-turida O‘zbekiston terma jamoasi xitoylik tengqurlari bilan bahs olib borib, g‘alaba qozondi va muddatidan avval shu yil Qatarda o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda dastlab Xitoy vakili Jang Chengrui hisobni ochdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Sadriddin Hasanov muvozanatni tikladi. Bahs yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganda, aniqrog‘i 86 daqiqada Asilbek Aliyev g‘alaba golini kiritdi va jamoadoshlarining muvaffaqiyatini ta’minladi.
Shunday qilib, Islom Ismoilov boshchiligidagi o‘smirlar terma jamoasi muddatidan avval shu yil Qatarda o‘tkaziladigan Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda mezbon Saudiya Arabistoni terma jamoasi Tailandni 3:1 hisobida yengib, O‘zbekiston bilan birga mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Saudiya Arabistonida davom etayotgan futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi “A” guruhi 3-turi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi mezbon Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashib, yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Islom Ismoilov shogirdlari o‘yindagi har uch golini 2-taymda kiritdi. Jamshidbek Rustamovning dubli va Asilbek Aliyevning goli O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini guruhda 1-o‘rin bilan chorak finalga chiqishini ta’minladi.
Bahs davomida Saudiya Arabistoni penaltidan ham foydalana olmadi.
Shunday qilib, “oq bo‘rilar” 3 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba qayd etib, 9 ochko bilan chorak final yo‘llanmasiga ega chiqdi. O‘zbekistonlik futbolchilar pley-off bosqichida “B” guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan kuch sinashadi. Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi “B” kvartetida 2-o‘rinni band etdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining chorak final o‘yini 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga Toif shahri mezbonlik qiladi va Toshkent vaqti bilan 22:15 da boshlanadi.
Shomurodovning goli “Roma”ni mag‘lubiyatdan qutqardi
Italiya chempionatining 31-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda “Roma” va Turinning “Yuventus” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. O‘yin Rim shahridagi “Olimpiko” stadionida bo‘lib o‘tdi va 1:1 hisobida yakunlandi.
Uchrashuvda hisob 40-daqiqada ochildi. "Yuventus" yarimhimoyachisi Manuel Lokatelli gol muallifi bo‘ldi. 49-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov hisobni tenglashtirdi. Burchak zarbasidan keyin Ndika boshi bilan zarba berdi, “Yuventus” posboni to‘pni qaytardi, qaytgan to‘pni esa Shomurodov raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.
Shomurodovning deyarli bir taym ko‘rsatgan o‘yini “SofaScore” tomonidan 7,2 ballga loyiq ko‘rildi va o‘zbekistonlik 29 yoshli forvard bahsning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Mazkur durangdan so‘ng “Yuventus” Italiya chempionati jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Igor Tudor boshqaruvidagi jamoa 31 uchrashuvdan so‘ng 56 ochko jamg‘argan. “Roma” ham shuncha o‘yindan so‘ng 53 ochko to‘plagan va jadvalda yettinchi o‘rinda bormoqda. Bosh murabbiy Klaudio Raneri boshchiligidagi jamoa yetakchisi “Inter”dan (68 ochko) 15 ochko orqada qolmoqda.
Xoland yaqin oylarda “Siti”ni tark etishi mumkin
“Manchester Siti”ning norvegiyalik hujumchisi Erling Xoland jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda “El Nacional” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 24 yoshli futbolchi so‘nggi natijalar tufayli ingliz klubidan norozi, shu sababli u jamoasini o‘zgartirish imkoniyati ko‘rib chiqmoqda. Erling klubni tark etish to‘g‘risida yakuniy qarorga kelsa, uni ushlab turish qiyin bo‘ladi, garchi uning shartnomasi 2034 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsa ham.
PSJ va “Bavariya” futbolchi atrofidagi vaziyatni kuzatib bormoqda.
Qayd etish joiz, Erling Xoland Angliya kubogi chorak finalida “Bornmut”ga qarshi o‘yinda (2:1) to‘pig‘idan jarohat olgan edi. “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola norvegiyalik futbolchi 5-7 hafta maydonga tushmasligini aytdi.
Joriy mavsumda Xoland “Manchester Siti” safida barcha turnirlar doirasida 40 ta o‘yin o‘tkazib, 30 ta gol urdi va 4 ta golga assistentlik qildi.
O‘zbekiston Osiyo kubogi mezbonligi uchun qo‘shma ariza topshirdi
Bugun, 11 aprel kuni Osiyo futbol konfeleratsiyasining 35-Kongressi oldidan OFK Ijroiya qo‘mitasining 6-yig‘iishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2031 yilda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga mezbonlik arizasini topshirgan davlatlar ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi 2031 yilda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga mezbonlik qilish uchun yettita nomzodldan ariza kelib tushga. OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa bu tashabbuslarni turnir tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich, deya baholadi.
“Kelib tushgan rekord darajalagi arizalar – bu turnirning nufuzini yana bir bor tasdiqlaydi. OFK Ijroiya qo‘mitasi nomidan barcha a’zo assotsiatsiyalarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman”, deydi OFK prezidenti.
Qayd etilishcha, OFK 2025 yil 31 martgacha milliy terma jamoalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligini o‘zida qabul qilish uchun quyidagi assotsiatsiyalardan arizalarni qabul qildi:
- Avstraliya;
- Hindiston;
- Indoneziya;
- Janubiy Koreya;
- Quvayt;
- BAA;
- O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Resublikasi qo‘shma arizasi.
Endilikda OFK nomzod assotsiatsiyalar bilan belgilangan vaqt va talablar asosida tanlov hujjatlarini tayyorlash hamda topshirish jarayonini boshlaydi.
Shuningdek, OFK Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida barcha qo‘mitalarning, jumladan OFK Osiyo kubogi tashkiliy qo‘mitasi, OFK moliya qo‘mitasi, OFK musobaqalar qo‘mitasi va OFK professional futbol qo‘mitasining qarorlari tasdiqlandi.