Zaxarova Rossiya O‘zbekistonda rus tilini mustahkamlashga bel bog‘laganini ma’lum qildi

Jamiyat

image

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining an’anaviy brifingida rus tilininig O‘zbekistondagi o‘rni borasida fikr bildirdi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlarida til asosiyda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi normalar kiritilgani muhim.

“27 yanvarda O‘zbekistonda “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qayd etib o‘tamizki, unda boshqa tillarning maqomi (respublikada 100 ga yaqin elat yashaydi) va til belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmaslikka oid qoidalar o‘z aksini topgan.

Biz O‘zbekistonda rus tilini bilishni mustahkamlashga qaratilgan qator qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirmoqdamiz. U (rus tili) tarqalishi va ijtimoiy ahamiyati jihatidan davlat tilidan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi va O‘zbekistondagi o‘rta maktablarda uni o‘rganish majburiydir”, deydi Zaxarova.

U Respublika rahbariyati tomonidan 2020 yil oktyabr oyida A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filialini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishini hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidlagan.

"U bakalavr va magistrlarni tayyorlash bilan bir qatorda hamkorlarimiz tomonidan yetishmasligi aytilayotgan pedagoglarni professional qayta tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ularning soni qariyb 1000 kishini tashkil etadi”, deydi RF TIV vakili.

Zaxarova 2020 yil oktyabr oyida Rossiya Ta’lim vazirligi va O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tomonidan Alisher Usmonovning “San’at, ilm-fan va sport” xayriya jamg‘armasi ko‘magida A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bazasida O‘zbekistonda rus tili va rus tilida umumta’lim fanlarini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan loyiha ishga tushirilishini ham aytib o‘tgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 — 2030 yillarda respublikaga ming nafargacha rossiyalik mutaxassislarni yo‘naltirish, O‘zbekiston xalq ta’limi tizimidagi pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha 14 ta hududiy markaz hamda mamlakatdagi 10 mingtagacha maktablarni bosqichma-bosqich qamrab olish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Mariya Zaxarova o‘tgan yilning may oyida ham O‘zbekistondagi til siyosati, xususan, o‘zbek tili haqida bayonot bergandi. TIV vakili O‘zbekiston davlat idoralarida hujjat yuritishda davlat tilidan foydalanish shartligini ko‘zlovchi qaror loyihasiga izoh berib, bu taklif tarafdorlari ko‘p emasligini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing