Jo‘ja jinsini aniqlovchi, janozada yig‘lovchi va yollanma yigitlik: haqiqatda mavjud g‘alati kasblar
Bu qiziq
−
31 avgust 9987 7 daqiqa
Odatiy soat 9:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan ishingizdan zerikyapsizmi? Unda quyidagi ro‘yxatdan o‘zingiz uchun sarguzashtli yoki qo‘shimcha daromad keltiradigan yangi kasb tanlarsiz?! Haqiqatan ham mavjud g‘alati ushbu kasblar bilan tanishib, hayratda qolishingiz ham mumkin. Ammo afsuski, bu kasblar dunyo bo‘ylab birdek mavjud emas, shunday bo‘lsa-da, sizda buni boshlab berish imkoniyati bo‘ladi.
Jo‘ja jinsini ajratuvchi. O‘rtacha maosh – yiliga 30 764 dollar

Mazkur kasb egalarining asosiy vazifasi – jo‘jalarni erkak va urg‘ochilariga ajratish. Osondek tuyulishi mumkin, lekin aslida jo‘ja jinsini aniqlash juda qiyin ish, bunda kuzatuvchanlik va nozik tafovutlarni farqlash qobiliyati muhim. Bu ish sabr, tajriba va chidamlilik talab qiladi. Yetarli tajribaga ega bo‘lgan kishi yiliga 60 ming dollargacha ishlab topishi mumkin.
Itlarga syorfing o‘rgatuvchi. O‘rtacha maosh – yiliga 20 000 – 35 000 dollar

Agar itlar va sarguzashtni yaxshi ko‘rsangiz, har ikkisini birlashtirish orqali mo‘maygina daromad ishlab topish haqida o‘ylaganmisiz? Masalan, itlarga syorfing, ya’ni suv ustida maxsus yog‘och bilan suzishni o‘rgatuvchi bo‘lib ishlashingiz mumkin. Asosiy vazifa – itlarni suvda syorfing qilishga o‘rgatish. Ish itlarning xulqini bilish, trening va xavfsizlikni nazorat qilishni talab etadi.
Yuz paypaslovchi. O‘rtacha maosh – soatiga 25 dollar

Yuz paypaslovchi yoki teri sezuvchilari teri parvarishi mahsulotlari samaradorligini qo‘llari bilan tekshiradi. Ularning asosiy vazifasi – mahsulot qo‘llanishidan oldin va keyin terining holatini baholash. Biroz o‘qish talab qilinsa-da, bu yon daromad uchun yaxshi variant.
Professional kelin dugonasi. O‘rtacha maosh – yiliga 44 000 dollar

Professional kelin dugonasi sifatida sizning ishingiz barcha dugonalik vazifalarini mukammal bajarish – kiyim tanlash, dugonalar kechasini tashkil qilish, gullar yasatish va hokazolarni o‘z ichiga oladi. Maqsad – to‘y jarayonining mukammal va muammosiz o‘tishini ta’minlash. To‘y tashkilotchisidan farqli ravishda, siz odatdagi dugona vazifalarini bajarishingiz kerak bo‘ladi.
Yollanma to‘y mehmoni. O‘rtacha maosh – har bir to‘y uchun 2 500 dollar

Kelin dugona yollagani kabi, ba’zilar to‘yda ko‘proq odamlar ko‘rinishi uchun soxta mehmon ham yollaydi. Siz shunchaki chiroyli kiyinib, tabassum qilib qatnashsangiz bas, bitta to‘ydan 2 500 dollar ishlab olishingiz mumkin. Ayniqsa, Yaponiyada bu odatiy hol bo‘lib, odamlar ijtimoiy noqulayliklarni oldini olish uchun oilani ijaraga oladi.
Janozada yig‘lovchi. O‘rtacha maosh – har bir dafn uchun 28 000 dollar

Professional yig‘lovchi – bu dafn marosimida qatnashib, marhum uchun qayg‘u ko‘rsatadigan kishi. U samimiy qayg‘u ifoda etishi, yig‘lashi va marosim odatlarida ishtirok etishi kerak. Turli madaniyatlarni bilish zarur, chunki dafn odatlari o‘zgarib turadi. Bu qadimiy marosim qadimgi Misr, Xitoy, O‘rtayer dengizi va Yaqin Sharqdan boshlangan bo‘lib, hanuz davom etmoqda. Shunday xizmatlarning O‘zbekistonda ham mavjud ekani haqida ba’zi ma’lumotlar bor.
Yo‘lovchilarni itarib poyezdga chiqaruvchi. O‘rtacha maosh – yiliga 47 681 dollar

Bu kasb egalari tig‘iz paytda odamlarni poyezdlarga itarib, eshiklar yopilishi va kechikish bo‘lmasligini ta’minlaydi. Bu kasb Yaponiyada keng tarqalgan bo‘lib, “oshiya” deb ataladi. Kuch talab etiladigan bu ish qo‘shimcha daromad uchun yaxshi variant.
Qonuniy bank qaroqchisi. O‘rtacha maosh – yiliga 124 010 dollar

Ushbu mutaxassis bank xavfsizligini sinash uchun kelishilgan ravishda bankni buzib kiradi. U kompyuter tizimlariga hujum qiladi, xodimlarni aldaydi va xavfsizlik darajasini tekshiradi. Bu kasb egasini yollanma xaker deyish ham mumkin.
Netflix filmlariga teg qo‘yuvchi. O‘rtacha maosh – yiliga 60 000-108 000 dollar

Bu ishda siz filmlar va seriallarni ko‘rib, ularga mos teglar qo‘yasiz. Bu orqali tomoshabinlar kerakli kontentni tezroq topa oladi. Aslida bu kino ko‘rib pul topishdir. Agar film tomosha qilish sizning sevimli mashg‘ulotingiz bo‘lsa, bu orqali daromad olish imkoniyatingiz ham bor.
Navbat kutuvchi. O‘rtacha maosh – yiliga 38 816 dollar

Kun bo‘yi ishda bo‘ladigan odamlar uchun shifokor yoki boshqa mutaxassis eshigi tagida navbat kutish umuman ortiqcha va vaqtni bekorga sarflaydigan holatdir. Bunday paytda boshqalar uchun navbat kutadigan professional navbat kutuvchi xizmati asqatadi. Ushbu kasb egalariga yirik do‘konlar katta chegirma e’lon qilgan yoki mashhur mahsulotlar taqdimotida ayniqsa talab yuqori bo‘ladi. Bu AQSHda eng noodatiy kasblardan biri sanalib, sabrli odamlar uchun qo‘shimcha daromad topishning qiziqarli usuli.
Ijaraga olingan yigit. O‘rtacha maosh – yiliga 64 443 dollar

Ijaraga yigit – bu qizlarning sevikli insoni sifatida ko‘rinish uchun yollanadigan kishi. Bu xizmat Yaponiya, Xitoy va Vetnam kabi mamlakatlarda keng tarqalgan. Ular sizga ijtimoiy tadbirlar, oilaviy yig‘ilishlarda yoki oddiy kunlarda hamroh bo‘lish uchun boradi. Bu odatda oilasi tomonidan qilinadigan turmushga chiqish haqidagi tanbehlarning oldini olish uchun qizlar tutadigan samarali yo‘l hisoblanadi. Qolaversa, oila qurgan dugonalari bilan tadbirlarda o‘zini noqulay his qilmaslik uchun ham yaxshi usul. Shartnoma muddati va qoidalarini mijozning o‘zi belgilaydi.
Professional suv parisi. O‘rtacha maosh – yiliga 79 341 dollar

Suvosti dunyosini namoyish etuvchi parklarda garchi haqiqiy suv parilarini olib keltirish imkoniyati bo‘lmasa-da, ulardek kiyingan insonlarning chiqishlarini ko‘rsatish mumkin. Bunday yasama suv parilari tadbirlar, mehmonxonalar va hatto dengiz ko‘ngilochar markazlarida ishlaydi. Soxta suvparilari bir martalik chiqish uchun hatto 6 000 dollargacha ishlab topishi mumkin.
Professional quchoqlovchi. O‘rtacha maosh – yiliga 63 943 dollar

Quchoqlovchi – begona odamlarni quchoqlash uchun yollanadigan kishi. Bu asosan, yolg‘izlik, tushkunlik yoki travmadan aziyat chekayotgan odamlarga yordam beradi. Quchoqlash stressni kamaytiradigan oksitotsin gormonini ishlab chiqaradi. Ish juda muhim va yaxshi haq to‘lanadi.
Itlar uchun oshpazlik. O‘rtacha maosh – soatiga 45 dollar

Shaxsiy yoki hashamatli restoran kabi, itlar uchun ham maxsus oshpazlar mavjud. Masalan, Shake Shack va Starbucks restoranlarida itlar uchun alohida menyular bor. Hatto faqat itlarga mo‘ljallangan restoranlar ham mavjud. Bu kasb egalari yaxshigina daromad topadi.
Budilnik inson. O‘rtacha maosh – soatiga 22 dollar

“Daily Wake Up Call” kompaniyalari har kuni ertalab odamlarni uyg‘otishga yordam beradi. Ular mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib uyg‘otadigan inson budilniklarni ishga oladi. Bu bilan cheklanmay, ular mijozlarga kundalik vazifalari va jadvalini eslatib turadi. Odatda AQSH va Yevropa davlatlarida kuchsiz irodaga ega insonlar shunday xizmatlardan foydalanadi.
Mashina qo‘riqlovchi. O‘rtacha maosh – har bir mashina uchun 10 dollar

Kosta-Rikada “Cuidacarro” deb ataladigan kasb egalari norasmiy avtoturargohlarda qoldiriladigan mashinalarni qo‘riqlab turish orqali ham yaxshi daromad qilish mumkin. Mashinaga shikast yetish ehtimoli katta bo‘lgani uchun odamlar bu kasb egalariga murojaat qiladi. Ular rasmiy ishga olinmagan yoki litsenziyaga ega emas, ammo shahar markazlari va tungi gavjum joylarda keng tarqalgan.
O‘rin to‘ldiruvchi. O‘rtacha maosh – o‘zgaruvchan

O‘rin to‘ldiruvchi bu muhim tadbirlarda, masalan, kino mukofotlari, sport musobaqalari yoki konsertlarda bo‘sh joylarni egallash uchun yollanadigan shaxsdir. Ularning vazifasi kameralar ishlaganda bo‘sh joylar ko‘rinmasligini ta’minlashdir. Maktab, kollej yoki universitetlarda tadbir yoki suhbat bo‘layotgan zalga o‘quvchilarni majburlab yig‘ib kelishganiga o‘xshash kasb desa ham bo‘ladi. Bunday holatlar O‘zbekistonda ham kuzatiladi.
Professional uzr so‘rovchi. O‘rtacha maosh – o‘zgaruvchan

Uzr so‘rashni yaxshi uddalaysizmi? Unda boshqalar nomidan professional uzr so‘rovchi bo‘ling! Ularning vazifasi qarshi taraf to‘liq qabul qilmaguncha uzr so‘rashni davom ettirishdir. Professional uzr so‘rovchilarni korporatsiyalar ham mijozlar bilan qiyin vaziyatlarni yumshatish uchun tez-tez yollaydi. Bundan tashqari, shaxsan kechirim so‘rashni istamaydigan, ammo vaziyatni yumshatishga majbur kishilar ham pul evaziga uzr so‘rovchilar xizmatidan foydalanadi.
Jinoyat joyini tozalovchi. O‘rtacha maosh – yiliga 60 000 dollar

Jinoyat joyini tozalovchilar qotillik, suitsid yoki baxtsiz hodisadan keyin hududni tozalaydi. Bu ish nafaqat jismonan, balki ruhan kuchli odamlar uchun, chunki ular qon, tana suyuqliklari va chirigan jasadlar bilan ishlaydi. To‘lov yaxshi bo‘lsa-da, hamma ham bu ishga jur’at qila olmaydi. Ular qat’iy xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi va ko‘pincha xavfli chiqindilarni yo‘q qilish yoki favqulodda xizmatlar bo‘yicha tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Live
Barchasi