Yunusobodda maktab o‘quvchilari o‘rtasida janjal chiqdi (video)
Jamiyat
−
19:33 503 1 daqiqa
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida janjal chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 7 sentyabr kuni soat 13:20 larda o‘quvchilar darsdan so‘ng uyiga qaytayotgan vaqtda “Shoshtepa” mahallasidagi ko‘p qavatli uylar oldida o‘zaro tortishib qolgan. 2009 yilda tug‘ilgan I.Z., F.F., U.B. hamda 2011 yilda tug‘ilgan N.Y. janjallashib, jamoat tartibini buzgan. Voqea joyida bo‘lgan maktabning boshqa o‘quvchilari aralashib, ularni tinchlantirgan va janjalning yanada jiddiy tus olishiga yo‘l qo‘ymagan.
Holat yuzasidan o‘quvchilar ta’lim olayotgan maktabda tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Mahkam Vafoyev ishtirokida muhokama o‘tkazilgan. Unda voyaga yetmaganlar, ularning ota-onalari va maktab rahbariyati qatnashgan.
Muhokama yakunlariga ko‘ra, jamoat tartibini buzgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi 151-maktabning yuqori sinf o‘quvchilari 3-sinf o‘quvchisiga temir braslet yedirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi