Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirganlarni talabalikka qabul qilish shartlari belgilandi
Jamiyat
−
03 Sentabr 2020
7847Qo‘shni davlatlardan O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirgan shaxslarni talabalikka qabul qilishning yangi tartibi belgilandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Unga ko‘ra, Davlat qabul komissiyasining qaroriga binoan, 2019/2020 o‘quv yilida qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilgan fuqarolarning talabalikka qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatlarini rasmiylashtirish istisno tariqasida quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilandi:
• oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) ushbu toifadagi fuqarolarni darslarga ishtirok etishga ruxsat berish to‘g‘risidagi farmoyishlariga muvofiq ularga to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lashga ruxsat etiladi, bunda, to‘lov shartnomasida fuqaroning tegishli hujjatlari belgilangan talablar darajasida taqdim etilmagan taqdirda shartnoma bekor qilinishi qayd etiladi;
• karantin cheklovlari yakunlangach, qo‘shni davlatdagi oliy ta’lim muassasasidan fuqaroning tegishli hujjatlari muayyan oliy ta’lim muassasasiga belgilangan talablar darajasida taqdim etilgandan so‘ng fuqaroni darslarga ishtirok etishga ruxsat berilgan sanadan boshlab uni talabalikka qabul qilingan deb hisoblash to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) buyrug‘i rasmiylashtiriladi.
Kelgusi o‘quv yillarida, shu jumladan 2020/2021 o‘quv yilida xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi. Ya’ni joriy yil fevral oyida bo‘lgani kabi istisno tariqasida barcha talabalarning o‘qishini imtihonsiz ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
LiveBarchasi