Yun Sok Yolning ishi prokuraturaga topshirildi

Olam

image

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolga qarshi davlat to‘ntarishi va vakolatlarni suiiste’mol qilish bo‘yicha ish yuqori lavozimli amaldorlarga oid Korrupsiyaga qarshi tergov boshqarmasi tomonidan prokuraturaga topshirildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, joriy yilning 15 yanvar kuni yuqori martabali mansabdorlarga qarshi Korrupsiyaga qarshi tergov boshqarmasi prezidentni ikkinchi urinishda hibsga olib, so‘roq qilgan. Biroq Yun Sok Yol tergov paytida ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng, boshqarma davlat rahbarini bir necha bor yana so‘roq qilishga harakat qilgan, ammo 19 yanvar kuni sud uni hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.

Korrupsiyaga qarshi boshqarma ayblov qo‘yish vakolatiga ega emas, lekin shubhalarni o‘rganib, xulosalar beradi. Shu asosda, tergov boshqarmasi o‘z xulosasida davlat to‘ntarishi va vakolatlarni suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblovlar qo‘yishni prokuraturadan so‘ragan. Prezident Yun Sok Yolning advokatlari bu organning davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish vakolatiga ega emasligini ta’kidlagan.

Nashrning yozishicha, prezidentning ishi prokuraturaga topshirilishi kutilayotgandi, lekin bu jarayon biroz keyinroq amalga oshirilishi kerak edi. Joriy yilning 19 yanvarida prezident hibsga olinganidan so‘ng, tergov boshqarmasi taxminan 10 kun davomida ishni o‘rganishni rejalashtirgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hibsga olingan Yun Sok Yol sudning rasmiy hibsga olish qaroridan so‘ng Seuldagi hibsxonaning 12 kvadrat metrli yakka tartibdagi kamerasiga joylashtirilgani xabar qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, prezident joylashgan kamera odatda besh yoki olti kishini sig‘dira oladi. Koreya Jazoni ijro etish xizmati bosh komissari Shin Yon Xe Yun Sok Yol hibsga olish jarayonida barcha rasmiy tartib-qoidalarga, jumladan, suratga tushish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishga rioya qilganini tasdiqladi. Shu bilan birga, prezident xavfsizligini ta’minlash maqsadida uning ishini alohida xodim nazorat qilayotgani qayd etildi.

Yun Sok Yol ishi 

O‘tgan yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi.

Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qilgandi. Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirib, Yun Sok Yolni hibsga olishga order berdi. Orderga ega tergovchilar 3 yanvar kuni mamlakat tarixida birinchi marta prezident qarorgohiga uni hibsga olish maqsadida yetib borgan,  ammo tergovchilar Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha bo‘lgan besh soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng unga qarshi order ijrosini to‘xtatishga qaror qilgan. 7 yanvar kuni Janubiy Koreya sudi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish uchun yana order berdi. 15 yanvar kuni huquq-tartibot idoralari Janubiy Koreya prezidentini fitna ishi bo‘yicha hibsga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing