Yo‘lovchi samolyotning eshigini ochib, undan sakrashga urindi (video)
Olam
−
27 Sentabr 2023
22449Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi yo‘lovchisi samolyotning favqulodda eshigini ochib, undan sakrashga urindi. Bu haqda “The New York Post” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur hodisa Guvahatidan Agartalaga uchayotgan samolyot bortida sodir bo‘lgan. Parvoz vaqtida 41 yoshli Bisvadjit Debnatx to‘satdan o‘rnidan turgan va favqulodda chiqish eshigini ochmoqchi bo‘lgan.
Qolgan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari uni to‘xtatishga harakat qilganida esa Debnatx qattiq qarshilik ko‘rsatgan.
Holat tasvirlangan videoda ko‘rinadiki, yo‘lovchilar styuardessalarga samolyot xavfsiz qo‘nib olguniga qadar qoidabuzarni ushlab turishga yordam bergan. Belgilangan manzilga yetib kelgach esa Bisvadjit Debnatx politsiya tomonidan hibsga olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak ancha paytdan beri depressiya bilan kurashib kelgan. Hozirda u parvoz davomida 180 dan ortiq yo‘lovchi hayotini xavf ostiga qo‘yish va ekipaj a’zolariga hujum qilganlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada Asiana Airlines aviakompaniyasi samolyotining eshigi parvoz vaqtida ochilib ketgan edi. Bortda 194 kishi bo‘lgan samolyot eshigi ochiq holda muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan. Dastlabki ma’lumotlarda samolyot eshigini 30 yoshli yo‘lovchilardan biri ochgani keltirilgan.
LiveBarchasi