Yo‘lovchi poyezdlarining chipta narxlari oshmoqda
Jamiyat
−
03 Oktabr 2023
7735Joriy yilning 20 oktyabridan boshlab O‘zbekistonda mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlarining chipta narxlari oshadi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ma’lum qildi.
Bildirilishicha, o‘sha sanadan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50% ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxining 100 foiziga oshiriladi.
Narxlarning qimmatlashi quyidagi sabablar bilan izohlangan:
“Yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari so‘nggi marta 2018 yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019 yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, oxirgi 4-5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolib kelmoqda. 2019-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida Respublikamizda ish haqi miqdori 2,4 barobarga, elektroenergiya va yoqilg‘i narxlarining, logistika va transport xarajatlarining sezilarli darajada oshganligi, shuningdek, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.
Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ keltirgan vajlarga mos ravishda poyezdlardan foydalanuvchilarning ham e’tirozlari yil sayin ortib bormoqda.
LiveBarchasi