Yulduz Usmonova Turkiyaga 10 000 dollar xayriya qildi
Madaniyat-san’at
−
10 fevral 2023
24365O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilzila oqibatida uylari vayron bo‘lgan va og‘ir ahvolda qolganlar uchun 10 000 AQSH dollari miqdorida xayriya qildi. Bu haqda xonandaning o‘zi Instagram’dagi sahifasiga video joyladi.
Yulduz Usmonova bo‘lishgan videoda u Toshkentdagi “Ziraat” bankiga borganini ko‘rish mumkin. Bank xodimi xonanda 10 ming dollar xariya qilganini aytib, ushbu pullar barcha soliqlardan ozod qilingan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri Turkiya Hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasiga yetkazilishini ma’lum qildi.
“Tinchlikning badali – zakot, sadaqa, ehsonimiz bor. Kasal bolalarga bolalarimiz kasal bo‘lmaganda hisobini beramiz. Allohning oldida javobgarmiz. Hammamizning boshimizga har zamon keladi”, deydi xonanda.
Yulduz Usmonova o‘zi qo‘l urgan xayrli ishni boshqalarga ko‘rsatmasligi ham mumkinligi, ammo buni odamlar ko‘rgach, xayriya qilmoqchi bo‘lganlar safi yana kengayishini bildirdi.
Ma’lumki, Yulduz Usmonova 40 yillik ijodiy faoliyatining eng ko‘p davrini O‘zbekiston va Turkiyada o‘tkazgan. 2006 yilda Yulduz Usmonovaga O‘zbekistonda qo‘yilgan taqiqlar ortidan xonanda Turkiyaga ko‘chib o‘tdi va ijodini turk tilida noldan boshladi. U ko‘plab yangi qo‘shiqlar yozdi, o‘zbek tilidagi mashhur qo‘shiqlarini turk tiliga o‘girdi va turk sahnasini ham zabt etdi, o‘nlab musiqiy albomlar chiqardi, Sardor O‘rtach, Levent Yuksal, Yashar, Fotih Erko‘ch kabi xonandalar bilan duetlar ijro etdi. 2016 yilga kelib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng Yulduz Usmonova butunlay Toshkentga qaytib keldi. Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgach, Usmonova va uning qiziga qo‘yilgan barcha taqiqlar olib tashlandi.
LiveBarchasi