Yulduz Usmonova tavallud kunida Umraga jo‘nab ketdi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bugun, 12 dekabr kuni 59 yoshni qarshiladi. Xonanda tavallud ayyomida Toshkentda emas. U kecha, 11 dekabr kuni Umra ziyoratini amalga oshirish uchun turmush o‘rtog‘i bilan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. 

Bu Yulduz Usmonovaning Saudiya Arabistoniga birinchi safari emas. Bungacha u bir necha bor Umra ziyoratida bo‘lgan. 2000-yillar boshlarida Haj amalini ham ado etib qaytgan. So‘nggi bor 2019 yilda xonanda turmush o‘rtog‘i bilan Umra ziyoratiga borgandi. 

Yulduz Usmonova jahongashta xonanda. Uning qadami yetmagan o‘lkalarga ham allaqachon qo‘shiqlari yetib borgan. 

Uning repertuarida o‘zbek, qoraqalpoq, turk, uyg‘ur, qozoq, tatar, rus, tojik, fors, arab va boshqa tillardagi 800 dan ortiq qo‘shiqlar mavjud  va diskografiya 100 ga yaqin yakkaxon yozuvlar, CD va DVDlarni o‘z ichiga oladi. Usmonovaning albomlari O‘zbekistondan tashqari Germaniya, AQSH, Angliya, Turkiya va Gollandiyada ham chop etilgan. Disklarning umumiy tiraji 25 million nusxadan oshadi. 

Yulduz Usmonova qo‘shiqlari va achchiq tili sabab bir necha bor ta’qiblar ostida qolgan va bu ta’qiblarning ayrimlari davlat miqyosida bo‘lgan. Xususan, xonanda birinchi yirik “zapret”ini 1992, 1994 yilda olgan va o‘shanda Gollandiyaga ko‘chib o‘tgan. Mamlakatdan chiqib ketish ham Yulduz Usmonova uchun omadli kelgan. U Gollandiyada Qirolicha Beatriksning nazariga tushgandi. Keyinroq O‘zbekistonga qaytdi. Davlat miqyosidagi va siyosiy elita ishtirok etadigan hech bir tadbir Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlarisiz o‘tmaydigan bo‘ldi. Prezident Karimov tadbirlar so‘ngida uni bir necha bor bag‘riga bosdi. Endi Yulduz siyosiy elita uchun o‘ta yaqin san’atkor edi. U bilan cheklangani yo‘q. 1995-2000 yillarda Oliy Majlis deputati bo‘ldi. 

2006 yilda Yulduz Usmonova 2005 yil 13 mayda Andijonda yuz bergan voqealar haqidagi gaplari ortidan siyosiy ta’qibga uchradi. O‘sha yilning o‘zidayoq uning davlat tadbirlaridagi ishtirokiga nuqta qo‘yildi. 2007 yilda ko‘plab qiyinchiliklar bilan “Xalqlar do‘stligi” saroyida konsertini taqdim etdi va o‘sha yili O‘zbekistonni tark etib, Turkiyaga ko‘chib o‘tdi. Usmonova “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi davlat nazorati bilan bog‘liq muammolarni tilga olib, O‘zbekiston hukumati uning Turkmanistonda konsert berishiga to‘sqinlik qilayotganini, O‘zbekiston hukumati bilan chegara masalalari bo‘yicha muammoli munosabatlarga ega ekanligini ta’kidladi. Istanbulga ko‘chib o‘tgach, Usmonova Turkiyaga 10 yil qoldi. Bu orada albatta Toshkentga asosan to‘y xizmatlari uchun keldi. Turkiyada bir necha albomlar chiqardi, mashhur turk xonandalari bilan duet kuyladi. 

Siyosiy voqealar markazida bo‘lib keladigan Usmonova, 2010 yilda qirg‘iz voqealari fonida qirg‘izlarni mamlakat janubida yashovchi o‘zbeklarga nisbatan zo‘ravonliklarda qoralovchi qo‘shiq yozgan va ijro etgan. Qo‘shiqning rasmiy nashri yo‘q, qo‘shiqning ishchi versiyasi bilan birga tartibsizliklar joyidan olingan fotosuratlarning video ketma-ketligi tarmoqqa joylandi. 

U O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov siyosatini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlagan, matbuotga bergan intervyusida uni “podsho” deb atagan, hatto, unga atab bir necha qo‘shiqlar kuylagan. “Qirolicham” albomidan joy olgan “Samarqand” qo‘shig‘i ham shular jumlasidandir. 

Xonanda Karimovlar oilasi, xususan Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Karimova bir necha bor Yulduz Usmonovaning konsertlarida mehmon bo‘lgan. Hatto, Yulduz Usmonova taqiqqa uchraganda ham Gulnora Karimova uni sahnaga olib chiqish uchun bir necha bor harakat qilgan. Bu uchun Usmonova Gulnoraga atab “Gulisan”, uning madaniyat festivaliga atab “Asrlar sadosi” nomli qo‘shiqlar kuylagan. 

Xonanda ijodiga qo‘yilgan so‘zsiz taqiq O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev respublikaning yangi rahbari etib saylanishi arafasida bekor qilindi. Xonanda davlat televideniyesida chiqa boshladi va “Ey Aziz inson” dasturi bilan mamlakatning asosiy konsert zali – “Xalqlar do‘stligi” saroyida 11 yildan keyin ilk konsert dasturini taqdim etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Yulduz Usmonova

Baholaganlar

909

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing