Yulduz Usmonova Karimov hukmronligi davrida san’atkorlar ezilgani haqida shov-shuvli intervyu berdi
Madaniyat-san’at
−
17 avgust 2021
36620O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Yulduz Usmonova Prezident Islom Karimov hukmronligi davrida mamlakatda san’atkorlar ezilganini aytdi. U “Milliy” telekanalining “Inson qadri” ko‘rsatuvidagi chiqishida Karimov davrida mamlakatdan bir necha marta quvilganini xotirladi. U haqiqatni gapirgani uchun boshi kaltak ostida qolganini urg‘ulaydi.
“92-yilda bir tepilib Yevropaga ketdim. Bu birinchi ketishim, 4-5 yil qolib ketdim, kelolmay qoldim. Kelganimda aeroportdan ichkariga kiritmasdan, “naruchnik”da o‘tirib, yana qaytadan samolyotga olib chiqib qo‘yishgan. Tepib yuborishgan, yana ketganman.
Hozir gapirsam, bu odamni yaxshi ko‘rganlar bo‘lishi mumkin, lekin shu odamni davrida biz ezildik. “Talant”lar yo‘q bo‘ldi. Ertaga yana keladimi yo yo‘q, uni Xudo biladi. Nimani qilsang xor, shunga bo‘lasan zor”, deydi xonanda.
Yulduz Usmonova 2006 yilgacha O‘zbekiston siyosiy elitasining sevimli xonandalaridan biri bo‘lgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakat bosh maydonlarida Navro‘z va Mustaqillik bayramlarini tantanali tarzda nishonlash urfga aylangan va ko‘p yillar davomida ushbu marosimlarda final qo‘shig‘ini ijro etish Yulduz Usmonovaga ishonib topshirilgan. U Karimov davrida so‘nggi bor 2005 yil Mustaqillik bayrami va Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda chiqish qilgan. 2006 yilga kelib Navro‘z bayrami tantanalarida final qo‘shig‘ini ijro etish yosh xonanda Gulsanam Mamazoitovaga topshirilgan va Karimov vafotiga qadar bu o‘rinni ayrim hollarda Ozodbek Nazarbekov, vaqti-vaqti bilan Zulayho Boyxonova egallagan.
2007 yilga kelib Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga mamlakatdagi barcha telekanallar va radiolarda taqiq qo‘yildi. Xonanda 2007 yildagi konsert dasturidan so‘ng Turkiyaga jo‘nab ketdi va u yerda o‘zining “zapret”ga tushgani, siyosatchilarning qo‘g‘irchog‘i bo‘lishni istamagani haqida “Amerika ovozi” radiosiga shov-shuvli intervyu berdi. U o‘z so‘zida O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatga ham teginib o‘tgan va bunda uning tanqidi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentning siyosiy elitasiga qaratilganini sezish qiyin emasdi. QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda Yulduz Usmonova bilan kelishmovchiliklarning davlat tomonidagi asosiy ishtirokchisi marhum Madaniyat va sport ishlari vaziri Alisher Azizxo‘jayev bo‘lgan.
“Turkiyaga ketganimda ham juda xunuk ketkazishdi. Men buni kechirdim. Lekin kechiriladigan ish bo‘lgani yo‘q. “Nimaga bunaqa bo‘lyapti”, demadim. Tir yalang‘och jo‘natib yuborishgan. Bitta “rubashka”, bitta ishton bilan ketganman. Erimning “ippodrom”da 3-4 ta magazini bor edi. Uni ham berkitishdi. Och qolganmiz er-xotin.
Men endi Turkiyaga ketganimda nevaram tug‘ilgan edi. Uni ko‘rgim kelmasmidi?! Butun oilani parokanda qilib yuborishdi. Qaytmayaptimi? Qaytyapti! Meni qo‘ying, qizim, bolalarim buni kechirarmikin?! Eng kerakli paytim yonida bo‘lolmadim”, deydi Yulduz Usmonova.
U Turkiyada kechgan og‘ir kunlarini eslarkan, o‘sha vaqtlarda qo‘lida puli bo‘lmagani, turmush o‘rtog‘i Istanbulda turistlarga gidlik qilib pul topib kelsa, muzlatgichi to‘lgani, vaqtini turk tilini o‘rganishga sarflaganini aytadi. O‘zining Turkiyaga ketishi ortidan mamlakatda qarindoshlari ham tinch qo‘yilmaganini qo‘shimcha qiladi, Yulduz.
“Meni boshimga ish tushganda, faqat Yulduzni o‘zi zulm ko‘rdi, deb o‘ylamang. Meni ota-onam Hajga borolmay qoldi. Qarindosh-urug‘im davlatning ishida umuman ishlolmay qolishdi. Meni ortimdan shunday bo‘lgan bo‘lsa, mendan rozi bo‘linglar, deb aytdim. Qo‘yinglar, shu ishda ishlamanglar. Alloh risqimizni beradi. Kambag‘al bo‘lsak ham g‘ururimiz bor. Bittasiyam davlatning ishida ishlolmadi, hammasini kuydirishdi. Hajga kelgan navbatimizni ham olib tashlashardi. Tarix kechiradimi? Tarix hech kimni kechirmaydi: sizni ham, meni ham”, deydi Yulduz Usmonova.
Ma’lumot o‘rnida, 2016 yilning 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi. Shu yilning dekabr oyida mamlakatda Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi va Bosh vazir lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”da partiya tomonidan g‘alaba tadbiri tashkillashtirildi va unda tarafdorlar orasida Yulduz Usmonova ham ko‘rinish berdi. Shu kunning o‘zidayoq barcha telekanallar va radiolarda Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga ruxsat tegdi. Oradan bir necha kun o‘tib xonanda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati o‘tkazilgan tantanali marosimda chiqish qildi. Bu esa Yulduz Usmonovaga qo‘yilgan har qanday taqiqlar olib tashlanganining ifodasi edi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Prezidentligi davrida O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diyev, Farrux Zokirov, Sherali Jo‘rayev, xonanda Ozoda Nursaidovaga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15