Yo‘l harakati xavfsizligi rahbariga hayfsan berildi
Jamiyat
−
28 iyul 2023
9052Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi rahbari Olim Saidovga hayfsan berildi hamda Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshliqlari lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Xabar qilinishicha, Prezident ushbu yig‘ilishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar ahvolidan xalq mutlaqo noroziligini aytib o‘tgan.
Masalan, o‘tgan olti oyning o‘zida 4 mingga yaqin avtoavariyalar sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortig‘i jarohat olgan.
“E’tibor bering, 48 foiz avariyalarning sababi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hisoblanadi. Vaziyatni yaxshilash bo‘yicha “O‘zavtoyo‘l” va hokimliklarning mas’uliyati umuman sezilmayapti. Ular faqat asfalt yotqizish bilan ovora, harakat xavfsizligi esa e’tibordan chetda qolib ketgan”, deydi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi rahbari Olim Saidovga hayfsan berilib, Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari YHXB boshliqlari lavozimidan ozod qilindi.
Yig‘ilishda “Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi aytib o‘tilgan. Endi yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.
Eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasini shakllantirib, ularni tartibga solish uchun:
- nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yo‘l to‘siqlari kerak;
- qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yo‘laklari zarur;
- harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan “yama” va “garmoshkalar”ni ta’mirlash uchun qancha mablag‘ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.
Mutasaddilar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda konsultantlarni jalb qilib, hududidagi eng xavfli yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish loyihasini boshlashga ko‘rsatma berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Najmiddin To‘raxo‘jayevni hamda 15 ta tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va 5 nafar tuman prokurorini vazifasidan ozod qilgandi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ishlash masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimlarining o‘ribosarlarini lavozimidan ozod qilgandi.
LiveBarchasi