Odamlar 2023 yildan rozimi?
Jamiyat
−
28 dekabr 2023
8799Umrimizning yana bir yili o‘tib boryapti. Bu yil ham insonlar hayotida qay bir ma’noda o‘zgarishlar yasadi. Kimdir o‘qishga kirdi, kimdir turmush qurdi, kimdir farzandli bo‘ldi... Ho‘sh, O‘zbekiston aholisi ortda qolayotgan yilni nimalar bilan eslaydi? QALAMPIR.UZ shunday savol bilan odamlarga yuzlandi.
Respondentlarning ko‘pi bu yil ularning hayotiga yangi mehmon, ya’ni farzand yo nabira kirib kelgani yoki yangi ishga joylashgani bilan esda qolganini bildirdi.
Shuningdek, yoshlarning ko‘pi ushbu yilda o‘qishga kirgani, yangi til o‘rganishni boshlaganini yoki xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgani yilning eng muhim voqeasi, deb hisoblaydi. Xususan, so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri nabirasining ta’lim sohasida erishgan yutuqlarini faxr bilan esladi.
“Nabiram mental arifmetika bo‘yicha bellashuvning O‘zbekiston bosqichida g‘olib bo‘ldi. Dubayda bo‘lib o‘tgan Xalqaro turnirda ham sovrinli o‘rinni olib keldi”, dedi u.
Boshqa respondentlar esa 2023 yilning eng esda qolarli voqealari sifatida Umra ziyoratiga borgani, haqiqiy do‘stini uchratgani yoki yangi uy sotib olgani esladi.
Ammo o‘tib borayotgan yil hamma uchun ham quvonchli va omadli bo‘lmadi. Odamlar orasida bu yilda ishini yoki yaqinlarini yo‘qotganlar ham bor.
“2023 yil men uchun eng og‘iri bo‘ldi. Ko‘p narsani yoqotdim. Masalan, onamni”, deydi ishtirokchilardan biri.
Shuningdek, 2023 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar haqida berilgan savolga javoban respondentlarning ko‘pi Prezident saylovi va yangi konstitutsiya uchun bo‘lib o‘tgan referendumni esladi. Bundan tashqari, jamoat transportlarining soni ortgani, to‘lov kontrakt narxlarining arzonlashgani va oliy ta’lim uchun kvotalarning ko‘paygani ham muhim o‘zgarish sifatida qayd etildi.
Ishtirokchilar orasida ushbu yilda gaz va elektr ko‘paydi, deb hisoblaydiganlar ham topildi. Yana bir yosh respondent esa ushbu yilda “soxta” odamlarga ko‘p duch kelganidan shikoyat qildi.
“2023 yilda soxta odamlar ko‘payib ketdi. 2024 yilga shunday odamlarsiz o‘tamiz, degan umiddaman.”, deydi u.
So‘rovnomada ishtirok etgan aholi vakillari kirib kelayotgan 2024 yildan bu yildan-da ko‘proq natijalar kutmoqda. Xususan, yigitlarning ko‘pi yangi yilda oila qurish va farzand ko‘rishni rejalashtiryapti. Shuningdek, 2024 yilda qonun amalyotida yangi islohotlar bo‘lishini kutayotganlar ham bor.
“Qaror chiqib, amalda bajarilishini, “pastki pog‘ona”ga – qishloqlargacha yetib borishini istardim”, dedi aholi vakili.
Siz-chi? Hayotingizda 2023 yilda qanday muhim voqea sodir bo‘ldi? Izohlarda yozib qoldiring. Kelayotgan yilda ham QALAMPIR.UZ`ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi