YPX xodimiga qarshilik qilgan “tadbirkor-bloger” qamaldi
Jamiyat
−
16 aprel 2020
8449Samarqand shahrida o‘zini tadbirkor va bloger deb tanishtirgan shaxs Yo‘l-patrul xizmati xodimining o‘z vazifasini bajarishga halal bergani uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda YHXBB Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 15 aprel kuni soat 10:00 larda Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek va Mahmud Koshg‘ariy ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan YHXB xodimlari hamda sohaviy xizmat vakillari tomonidan 30 D 409 RA davlat raqam belgili Nexia rusumli transport vositasi to‘xtatilib, haydovchining hujjatlari so‘ralganda, avtomashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘l telefonida “Men falon joyda direktorman, blogerman”, deb YPX xodimining xizmat vazifasini olib borishga halaqit bergan.
Yo‘lovchi video tasvirga olishni davom ettirib, “hali kerakli joyda javob berasanlar, men senlar bilan sudda gaplashaman”, deb xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan karantin qoidalarini buzgan transport vositasi haydovchisiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Xodimlarning xizmat vazifasini bajarishga faol qarshilik ko‘rsatgan, haqorot qilgan yo‘lovchiga nisbatan barcha hujjatlar to‘planib, Samarqand shahar Ma’muriy sudiga jo‘natilgan.
O‘zini “tadbirkor va blogerman” deb tanishtirgan ushbu shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 194-moddasi 1-qismi, 195-moddalariga asosan Sud tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.