YPX xodimi va haydovchi tortishuvlari: tomonlar o‘zining qanday huquq va majburiyatlarini bilishi kerak?

Bu qiziq

image

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l harakati xavfsizligi xodimi va haydovchi o‘rtasida tortishuvlar, mushtlashishlar va turli xil kelishmovchiklilar tasvirlangan videolar tez-tez uchrab turadi. Ushbu tortishuvlar YPX xodimlari va haydovchilarning aksariyati o‘zlarining huquq va majburiyatlarini bilmasligi oqibatida yuzaga keladi.

YPX xodimlarning ayrimlari haydovchidan qanday hujjatlar talab qilishini, o‘zining majburiyatini bilmasa, ayrim haydovchilar esa qanday hujjatlar taqdim qilish kerakligi, qanday huquq va majburiyatlari borligini bilishmaydi.

Shu munosabat bilan 2018 yil 1 dekabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Lekin, bugungi kungacha ba’zi YPX xodimlari va haydovchilar ushbu Nizom talablariga bilim saviyasi pastligi tufayli  rioya qilmaslik, undagi normalarni chetlab o‘tish yoki ushbu nomalarni bilmaslik, holatlari uchramoqda.    

Yo‘l harakat xavfsizligi bosh boshqarmasi bayonotiga ko‘ra YPX xodimlarning 60 foizga yaqini oliy ma’lumotga ega emas. 

Shuningdek, joriy yilning 30 iyunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishida YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov YPX xodimlarida nega haydovchilar bilan muloqot qilish madaniyati yetishmasligi sabablarini aytib o‘tdi. 

Ma’lum qilinishicha, buning asosiy sababi tizim xodimlarining bilim darajasi va ma’lumoti yetarli emasligidir. Shuningdek, joriy yilning besh oyi mobaynida YHX tizimida o‘z kasbiga nopok munosabatda bo‘lishga doir 978 holat aniqlangan 200 nafar xodim attestatsiyadan o‘ta olmagani sababli lavozimidan ozod etilgan. 

Nizomga ko‘ra Yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko‘ra to‘xtatilishi mumkin:

•  yo‘l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslamada qayd qilinganda;
•  transport vositasi, haydovchi yoki yo‘lovchi qidiruvda ekanligi, yo‘l transport hodisasiga aloqador ekanligi haqida ma’lumotlar bo‘lganida;
•  yo‘l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganligini ko‘rgan haydovchi yoki yo‘lovchidan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
•  vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarish jarayonida;
•  transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zarurati yuzaga kelganda;

YPX xodimi tomonidan boshqa asoslarga ko‘ra transport vositalarining to‘xtatilishi taqiqlanadi.

YPX xodimi haydovchidan quyidagi hujjatlarni talab qilish huquqiga ega: 

•  Nizomda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra transport vositasini to‘xtatish, undan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, transport vositasiga, shuningdek, tashilayotgan yuklarga oid hujjatlarni tekshirish;

•  haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bilan birgalikda transport vositasini va yuklarni tashqi ko‘zdan kechirish;

•  yo‘l transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlik sodir etilganligining guvohi bo‘lgan yo‘l harakati qatnashchilarini aniqlash;

•  tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish;

•  transport vositasining dvigatel va agregat qismlarining raqamlarini ro‘yxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan haydovchining bevosita ishtirokida solishtirish (haydovchining ishtirokini ta’minlash imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasno);

•  transport vositasini ta’qib qilish yoki kuzatish;

•  jinoyat sodir etganligi uchun ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan hamda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ushlab turish;

•  alkogolli ichimlikdan‚ giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda bo‘lgan, transport vositasini boshqarish uchun tegishli hujjatlari bo‘lmagan, ruhiy holati yoki sog‘ligi transport vositasini boshqarishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan nosoz transport vositasini boshqarayotgan shaxslarni transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini olib qo‘yish, transport vositasini saqlab turadigan maxsus ajratilgan joyga qo‘yish uchun olib borilishini ta’minlash;

•  qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda‚ jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni qo‘llash.

YPX xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Quyidagi hollarda YPX xodimi haydovchi yoki yo‘lovchilardan transport vositasi kabinasidan chiqishini talab qilishga haqli:

•  transport vositasidagi texnik nosozlikni va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;

•  haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda;

•  transport vositasining dvigatel va agregat qismlari raqamlarini ro‘yxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan farq aniqlangan taqdirda bevosita haydovchi ishtirokida solishtirish maqsadida;

•  transport vositasiga tegishli hujjatlar yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;

•  haydovchi yoki yo‘lovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda;

•  haydovchining transport vositasi kabinasida bo‘lishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan hollarda.

PX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishda quyidagilarga majbur:
•  xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borish;

•  vizual kuzatuv hamda maxsus moslamalardan foydalangan holda qoidalar buzilganligini aniqlash;

•  yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga borish, o‘zini tanishtirish, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma’lumot berish, uning talabiga ko‘ra ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilish va xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatish;

•  yo‘l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma’lum qilish va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirish;

•  har qanday vaziyatda yo‘l harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e’tiborli bo‘lish, ularga hurmat bilan hamda “siz” deb murojaat qilish, yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilish;

•  yo‘l harakati qatnashchilariga ularni to‘xtatish sababi, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, lo‘nda tushuntirish berish;

•  haydovchini mast holda deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, uni transport vositasini boshqarishdan chetlatish, mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazish, haydovchi mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazilishidan bo‘yin tovlagan taqdirda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish;

•  belgilangan tartibda berilgan ko‘rsatmaga asosan yo‘l harakati qatnashchilari harakatini cheklash yoki taqiqlash;

•  qoidalarni buzgan yo‘l harakati qatnashchisiga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirish chog‘ida unga huquq va majburiyatlarini tushuntirish;

•  huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida tegishli choralarni ko‘rish;

•  yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joy holatini o‘zgartirish, dalillar yo‘qotilishi yoki yo‘q qilinishining oldini olish maqsadida hodisa joyini o‘rab olish choralarini ko‘rish;

•  huquqbuzarlikdan yoki baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga, hayoti (sog‘ligi) xavf ostida qolgan shaxslarga, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan yo‘l harakati qatnashchilariga hamda yo‘l transport hodisasi oqibatida shikastlangan transport vositalarini belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam ko‘rsatish;

•  belgilangan harakatlanish tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini maxsus moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirish, uning talabiga ko‘ra moslamaning qiyoslash sertifikatini ko‘rsatish;

•  yo‘l harakati qatnashchilariga yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) yoki sudga shikoyat qilish huquqini tushuntirish.

YPX xodimi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi. YPX xodimi tomonidan yo‘l harakati qatnashchisini asossiz to‘xtatib turish taqiqlanadi. Xodim yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganda yoki u tomonidan sodir etilgan qoidalar buzilishini rasmiylashtirish jarayonida holatga daxldor bo‘lmagan hamda qonun hujjatlarida belgilangan vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarga qoidalar buzilishini rasmiylashtirish yuzasidan tushuntirish berishga majbur emas.

Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:

•  YPX xodimi tomonidan to‘xtatish asoslarini, qoidalarning qaysi bandi (bandlari)ni buzganligi to‘g‘risida tushuntirish berilishini talab qilish;

•  transport vositasini to‘xtatgan YPX xodimidan o‘zini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini va ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilishini talab qilish;

•  xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik;

•  YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan foto va videotasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno);

•  mazkur nizomda nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan‚ YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatga kirishish;

•  sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;

•  huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning qiyoslash sertifikatlarini ko‘rsatishni talab qilish;

•  huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
•  asossiz to‘xtatib turilmasligini talab qilish;

•  YPX xodimi tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi ko‘zdan kechirish jarayonida ishtirok etish;

•  o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan o‘z hisobidan nusxa ko‘chirish yoki ularni fotosuratga olish;

•  YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, rasmiylashtirilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma hamda chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs)ga yoki sudga shikoyat qilish;

•  o‘zi guvohi bo‘lgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy ma’lumotni bayon qilish.

Yo‘l harakati qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagilarga majbur:
•  YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunish va ularni bajarish;

•  transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni, shaxsini tasdiqlovchi 

(transport vositasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan hollarda) hujjatlarni YPX xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etish;

•  YPX xodimiga sovg‘a, moddiy boyliklar taklif qilmaslik yoki boshqa shaklda manfaatdor etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmaslik;

•  mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda xizmat guvohnomasini ko‘rsatmaslik (qonun hujjatlarida sodir etgan qoidabuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikning alohida tartibi belgilangan shaxslar bundan mustasno);

•  yo‘l harakatining boshqa qatnashchisi hamda YPX xodimi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatga xalaqit bermasligi shart.
Yo‘l harakati qatnashchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
YPX xodimi quyidagi hollarda huquqbuzarni yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga yoxud fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga olib borishi mumkin:
•  haydovchi YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan hollarda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani sodir etilgan joyda tuzish imkoni bo‘lmasa;

•  transport vositalaridan foydalanish, harakat tartibi va xavfsizligini saqlash qoidalari buzilgan taqdirda, huquqbuzarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va u haqida zarur ma’lumotlar berish mumkin bo‘lgan guvohlar bo‘lmasa.
O‘zining shaxsiy xavfsizligi va harakat qatnashchilari xavfsizligini ta’minlash uchun ta’qib qilish yoki kuzatish vaqtida YPX xodimi quyidagilarga amal qilishi lozim:
•  patrul avtomobilida maxsus chiroq-mayoqcha va tovushli signallar muntazam yoqilgan holatda bo‘lishi;

•  aniq shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda harakat tezligini tanlashi;

•  yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari bo‘yicha xabardor qilib borishi;

•  ta’qib qilish va kuzatish jarayonida transport vositasining harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rishi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

94

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing