YPX inspektorini urib ketgan Tracker haydovchisiga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
10 may 2022
30465Avvalroq, Toshkent shahar IIBB YHXB YPXB inspektorini Tracker rusumli avtomobil urib yuborgani haqida xabar bergandik.
Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborilganini ma’lum qilgandi.
Toshkent shahar sudlariga ko‘ra esa, joriy yilning 7 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Tracker haydovchisi K.U. (1989 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK haydovchisi) ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakuniga yetib, sud hukmi e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK hisobidan fuqaroviy da’vogar Sh. U. (Cobalt haydovchisi) foydasiga 15 469 100 so‘m, jabrlanuvchi A. A. foydasiga jami 4 060 002 so‘m yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Joriy yilning 25 aprel kuni esa sudlanuvchi tomonidan chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilib, ayni paytda ushbu shikoyat Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rish uchun rasmiylashtirilmoqda.
Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar IIBB xodimiga nisbatan sodir bo‘lgan YTH o‘tgan yilning 23 sentyabr kuni soat 07:30 larda Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB YPXB inspektori kichik serjant Anvar Otaboyev xizmat vazifasini o‘tash jarayonida, 1973 yilda tug‘ilgan Sh.U. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashinani hushtak va jezl orqali to‘xtatgan. Shunda uning orqasidan harakatlanib kelayotgan, 1989 yilda tug‘ilgan K.U. Tracker rusumli avtomashinani boshqaruvini yo‘qotib, Cobalt bilan to‘qnashgan va xizmat olib borayotgan YHXB inspektorini urib yuborib, ag‘darilib daraxtga urilgan.
YTH natijasida YHXB inspektori hamda Tracker avtomashinasining yo‘lovchisi D.U. tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.
LiveBarchasi