Yirtib tashlangan Qur’oni Karim, Toqayevning g‘alabasi, Mirziyoyevning xorij safari va kunning eng muhim xabarlari
Jamiyat
−
10 iyun 2019 6601 3 daqiqa

Mirziyoyev shu haftada avval Qirg‘izistonga, keyin Tojikistonga safar qiladi
Joriy yilning 14-15 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga tashrif buyuradi. Shavkat Mirziyoyev Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) davlatlari yetakchilari sammitida ishtirok etadi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonda ham kutishyapti. 13-14 iyun kunlari Qirg‘izistonda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonda yevro narxi keskin ko‘tarildi, dollar esa...
Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan qiymatini belgiladi. O‘tgan haftadagi qiymat bilan solishtirganda, dollarning rasmiy kursi 5.11 so‘mga oshib, 8518.68 so‘mni tashkil qildi.
Yevro kursi esa bu haftada keskin o‘sishga erishib, o‘tgan haftaga nisbatan 145.42 so‘mga oshib, 9652.52 so‘mni tashkil etdi.
Qayd etish joiz, dollarning rasmiy kursi O‘zbekistonda o‘tgan haftada ilk bor 8500 so‘mlik dovondan oshgan edi.
Samarqandda 9 qavatli uyda portlash yuz berdi.
Samarqand shahrida joylashgan 9 qavatli uyning 1-chi qavatida portlash sodir bo‘ldi. Hodisa joriy yilning 8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi, taxminan soat 00.45 larda yuz bergan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan paytda xonadonda hech kim bo‘lmagan.
OLAM

MSK: Toqayev g‘alaba qildi!
Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kecha, 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovning yakuniy natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, eng yuqori natijani mamlakatning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qayd etgan.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Konstantin Petrov tomonidan ilgari surilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qosim-Jomart Toqayev 70,76% foiz ovoz to‘pladi. Ya’ni, 6 504 054 nafar qozog‘istonliklar unga ovoz bergan.

Germaniyada masjidga hujum qilindi. 50 ta Qur’oni Karim yirtib tashlangan.
O‘tgan hafta oxirida Germaniyadagi ikkita masjidga hujum uyushtirildi. Bremen shahridagi Rahmon masjidida 50 ta Qur’oni Karim yirtib tashlangan va hojatxonaga tashlab ketilgan. Kassel shahrida esa masjid oynalariga tosh otilgan. Toshlar namozgohgacha yetib kirgan. OAVning dastlabki ma’lumotlariga qaraganda, hujum noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.
Sel oqibatida 3 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahrida Toshkentdagidek kuchli sel kelishi kuzatildi. Yog‘ingarchilik oqibatida suv toshqini kelib chiqdi, natijada uch kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Anqara hokimiyati rasmiylari ma’lum qilmoqda.
SPORT

Yengilmas Ergashev Churbanovni uchinchi raundda nakautga uchratdi
9 iyun kuni tunda Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida navbatdagi professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi.
Oqshomning markaziy jangida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Shohjahon Ergashev prof ringdagi 17-jangida rossiyalik Maksim Churbanovga qarshi ringga ko‘tarildi. Shohjahon kutilganidek, jangning uchinchi raundida raqibini nokautga uchratdi.
Live
Barchasi