Yil oxiriga borib asosiy mahsulotlar narxi qanday o‘zgaradi?
Jamiyat
−
23 iyul 2020
9893Markaziy bank iqtisodiyotdagi mavjud vaziyat va pandemiya bilan bog‘liq noaniqlik darajasini hisobga olgan holda, 2020 yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozini yillik 11-12,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qoldi. Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati xabar berdi
Bunda, III chorakda energiya resurslari narxining o‘tgan yildagi oshishi ta’sirining chiqib ketishi bilan uning inflyatsiya darajasiga ta’siri minimallashishi kutilmoqda.
Karantin cheklov choralarining uzoq muddat saqlanib qolishi sharoitida asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga va dori vositalariga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolsa, aholi xarajatlarining qayta taqsimlanishi va optimallashishi natijasida birlamchi ehtiyoj toifasiga kirmaydigan mahsulotlarga bo‘lgan talab qisqarib boradi.
Bundan tashqari, karantin cheklovlarining yanada uzaytirilishi natijasida, mehnat resurslari harakatlanishidagi cheklovlar, logistika tizimining yomonlashishi, tovarlarni tashish muddati va xarajatlarini ortishi asosiy tovarlar narxlariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalarida joriy yil aprel oyidagi yuqori o‘sishdan so‘ng may-iyun oylarida sezilarli darajada pasayish kuzatildi. Ayni paytda, inflyatsion kutilmalar inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichi trayektoriyasidan sezilarli darajada yuqori shakllanmoqda.
LiveBarchasi