Yil boshidan beri 115 mingga yaqin mehnat muhojiri O‘zbekistonga qaytdi
Jamiyat
−
10 may
6455Yil boshidan buyon xorijda ishlab kelgan 115 ming mehnat muhojiri O‘zbekistonga qaytdi. Bu haqda bugun, 10 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlab, bu borada oqsoqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi prognoz qilinmoqda.
Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklarga ko‘maklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘tkazilgan reyd davomida politsiya 6 mingdan ortiq qoidabuzarliklarni aniqlab, 800 dan ortiq noqonuniy migrantni Rossiyadan chiqarib yuborishga qaror qilgan edi.
Muqaddasxon Sattarova
LiveBarchasi