Yil boshida o‘tgan davlat tadbirida “kattakon”larning tushligiga 1,4 mlrd sarflangani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
24 noyabr 2020
10453Joriy yilning 24 yanvar’ kuni “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi “Congress Hall” majmuasida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi va ushbu tadbirni o‘tkazish bilan bog‘lik xarajatlar 1 milliard 768 million so‘mni tashkil qilgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 1 may kuni imzolangan tegishli farmoyishida ma’lumot berilgan.
Farmoyishda aytilishicha, tadbir o‘tkazish uchun sarflangan pullar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan. Pullar tegishli tartibda Toshkent shahar hokimligiga o‘tkazib berilgan.
Tadbirda mehmonlarni ovqatlantirishga “Akfa Dream World” MCHJ ma’sul bo‘lgan. Bu haqda Kompaniya va Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatib o‘tilgan. Shartnomaga ko‘ra, 24 yanvar kuni 800 kishining “Ballroom”da tushlik qilishiga 447 mln 174 ming so‘m, “Shosh”da 400 kishining tushligi uchun 223 mln 587 ming so‘m, “Toshkent 2-3-4”dagi 110 kishilik tushlikka 61 mln 486 ming 425 so‘m ajratishi belgilangan. Har bir shaxsning tushligi 558 ming 967 so‘mdan hisoblangan.
Shuningdek, shu kuni “Congress Hall” zalida 250 kishi uchun tushlik tashkil qilingan. Zal ijara haqi (374 million 556 ming so‘m) va tushlik (har bir shaxs uchun 1,53 million so‘m) uchun 757 million 652 ming so‘m to‘lanishi shartnomada ko‘rsatilgan.
Shartnomaning umumiy summasi 1 mlrd 491 mln 599 ming 675 so‘m etib belgilangan. Bajarilgan ishlar aktiga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlar 1 mlrd 302 mln 260 ming so‘mni tashkil qilgan. QQS 195 mln 339 ming so‘mni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, “Akfa Dream World” MCHJ 2017 yil 6 dekabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, iqtisodiy faoliyati turlarining umumdavlat tasniflagichiga (IFUT) ko‘ra, motorli transport vositalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning to‘rtta ta’sischisi bor. Ularning faqatgina bittasi jismoniy shaxs – Bahodir Abdullayev bo‘lib, u kompaniyaning 43,5 foiz ulushiga egalik qiladi. Qolgan ta’sischilar yuridik shaxslar – “Wide Tent System” 26,8 foiz, “Asia Electron” 15,1 foiz va “Perfect Plast Profil” 14,6 foiz ulushga egalik qiladi. Hozirda kompaniyaga JAmshid Abdiyev rahbarlik qiladi.
LiveBarchasi