Yevropaning katta qismida suv toshqinlari kuzatilmoqda. Kamida 4 kishi halok bo‘lgan
Olam
−
14 Sentabr
3279Bir necha kun davom etgan kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng bir qator markaziy va sharqiy Yevropa davlatlarida daryolar sathi ko‘tarildi. Ruminiyaning sharqiy qismida kuchli yomg‘ir suv toshqiniga sabab bo‘lishi oqibatida esa kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, kelgusi kunlarda mintaqaning katta qismida yanada ko‘proq yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Shu sababli, rasmiylar Chexiya, Polsha, Slovakiya, Vengriya va Germaniya janubida hamda Avstriyaning ba’zi qismlarida aholini ogohlikka chaqirmoqda.
Qayd etilishicha, Chexiya-Polsha chegarasidagi ba’zi shaharlar rasmiylari evakuatsiya ishlarini amalga oshirgan, chunki daryolar ogohlantiruvchi chiziq ko‘rsatkichidan ko‘tarilib ketgan. 2002 yilgi suv toshqinida katta jabr ko‘rgan Chexiya poytaxti Praga esa suv toshqiniga qarshi to‘siqlar o‘rnatgan.
Ruminiyada suv toshqini sakkiz okrugdagi 19 qishloqqa yetib borgan. Ruminiya Bosh vaziri Marchel Cholaku Galats tumaniga ketayotgan to‘rt kishining o‘lik holda topilganini ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, ko‘chalar loyqa suv, loy va vayronagarchilik bilan to‘lib ketgan. Qutqaruvchilar aholini xavfsiz joyga evakuatsiya qilgan. Hududda bir sutkadan kamroq vaqt ichida har kvadrat metrga 150 litrdan ortiq yomg‘ir yoqqani qayd etilgan.
Polsha janubi-g‘arbidagi tarixiy shahar Gluxolazi shahrida o‘t o‘chiruvchilar yuzlab qum qoplarini toshgan daryo bo‘yiga yiqqan va ayrim aholi uylardan evakuatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Afrikaning odatda qurg‘oqchil bo‘lgan tog‘lari va cho‘llarida, xususan, Marokash va Jazoirda kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr