Yevropaning boshqa yetakchilari ham Putinga qo‘ng‘iroq qilishni boshlaydi – OAV 

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Germaniya kansleri Olaf Sholsning nemis tomoni tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotidan so‘ng Yevropaning boshqa davlat rahbarlari ham Rossiya yetakchisiga qo‘ng‘iroq qila boshlaydi. Bu haqda Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasi xabar berdi

Gazeta sharhlovchisi Federiko Rampinining yozishicha, bu Donald Trampning saylanishining “birinchi xalqaro effekti”.

“Trampning inauguratsiyasiga hali ikki oy vaqt bor, biroq Moskva bilan munosabatlardagi muzlarning eriy boshlagani aniq”, deb yozadi sharhlovchi Yevropada Jo Bayden ma’muriyatining bosimi ostida Rossiya Prezidenti bilan muloqotga urinishlar to‘xtatilganiga ishora qilib.

Qayd etilishicha, G‘arb bloki vakillaridan birinchi tashabbus Germaniya kansleri tomonidan ko‘tarilgan, bu “Parij va Bryusselda g‘azabga sabab bo‘lgan” va “Varshava, Riga va Stokgolmni qo‘rqitgan”. Rampini buni Sholsning ichki siyosiy qiyinchiliklari va Berlinning “arzon rus energiyasidan mahrum bo‘lganligi va Xitoyga eksportini sezilarli darajada kamaytirgani” sababli Germaniyaning iqtisodiy inqirozi bilan izohlaydi.

“Shols shoshayotgan edi, lekin boshqa rahbarlar undan o‘rnak olishlari mumkin. Shols Moskva bilan muloqot ochdi va bu Fransiya va Italiyani ham tashabbusni o‘z qo‘liga olishga undashi mumkin”, deb yozadi sharhlovchi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqinda Valday yalpi majlisida so‘zlagan nutqida, agar G‘arb yetakchilaridan kimdir xohlasa, ular bilan aloqalarni tiklashga tayyorligini ma’lum qilgan.

“Qaysidir paytlarda G‘arb davlatlarining rahbarlari deyarli har hafta menga qo‘ng‘iroq qilishdi, keyin birdan to‘xtab qolishdi. Xo‘sh, ular xohlamaydi va kerak emas. Ko‘rib turganingizdek, biz tirikmiz va yaxshimiz va hech narsa yomon emas, biz rivojlanmoqdamiz, oldinga intilyapmiz. Agar ulardan kimdir aloqalarni davom ettirmoqchi bo‘lsa, men har doim aytganman va yana aytmoqchiman: bizda bunga qarshi hech narsa yo‘q, marhamat, biz aloqalarni davom ettiramiz va muhokama qilamiz”, degandi Rossiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 noyabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oxiridan buyon birinchi bor telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbatda ular Rossiya-Ukraina urushini muhokama qildi. Zelenskiy esa Shols va Putin suhbatini “Pandora qutisi”ning ochilishi deb atadi va bu Rossiya rahbarini izolyatsiya qilish va Ukrainadagi urushni “adolatli tinchlik” bilan tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing