Yevropaning 3 gigant klubi Superliga bo‘yicha bayonot berdi
Sport
−
28 may 2021
6911“Barselona”, “Real Madrid” va “Yuventus” o‘zlarining rasmiy veb sahifalarida UEFA’ni Yevropa Superligasiga keskin qarshilik bildirayotgani va unga a’zo klublarga bosim o‘tkazayotgani uchun qoralab, bayonot e’lon qildi.
Ma’lumki, UEFA “Barselona”, “Yuventus” va “Real Madrid”ni Yevropa Superligasini tark etishga undamoqda. Ammo klublar buni istamayapti, shundan keyin UEFA ularni sudga berdi.
“Barsa”, “Yuve” va “Real” bunga keskin qarshilik bildirmoqda. Klublar intizomiy ish ochilishi umuman tushunarsiz hol ekani, bu bilan UEFA Yevropa fuqarolari demokratik yo‘l bilan qurgan qonun ustuvorligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzayotgani, qolaversa, adliya sudlari o‘z vakolatlarini hurmat qilmasliklarini aytdi.
“UEFA futbolni qanday modernizatsiyalashtirishni o‘ylash o‘rniga, bizni sudga berdi. Bu hol Yevropa futbolidagi monopoliya haqida shubha tug‘diradi. “Barsa”, “Yuve” va “Madrid”, 100 yillik klublar, ular hech qanday majburlash yoki chidab bo‘lmas bosimga duchor bo‘lmaydi. Biz Superligani Yevropa futbolidagi vaziyatni yaxshilash, ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishni oshirish va muxlislarga iloji boricha eng yaxshi shoularni taqdim etish maqsadida tashkil qildik. Bunga barqarorlik va birdamlik bilan erishishimiz kerak, ayniqsa, Yevropaning ko‘plab klublari og‘ir iqtisodiy vaziyatni boshdan kechirayotgan bir davrda. Yoki biz futbolni zamonaviylashtiramiz, yoki uning vayron bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, 19 aprel kuni 12 ta klub – "Manchester Yunayted", "Arsenal", "Chelsi", "Tottenxem", "Manchester Siti", "Liverpul" (barchasi – Angliya), "Real" (Madrid), "Barselona", "Atletiko" (barchasi – Ispaniya), "Inter", "Milan" va "Yuventus" (barchasi – Italiya) yangi Yevropa musobaqasi – Superliga tashkil etilganini e’lon qildi. Loyihani Amerikaning “JP Morgan” banki loyihalashtiradigan bo‘ldi. “Real” prezidenti Florentino Peres Superliga boshiga keldi.
Oradan ikki kun o‘tib, keskin noroziliklardan so‘ng Futbol bo‘yicha Yevropa Superligasi loyihasi to‘xtatildi. Dastlab 12 ta ishtirokchi-klub Superligani tarqatib yuborish ustida bosh qotirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq OAVda “Chelsi” va “Manchester Siti” hamda Madridning “Atletiko”, Milanning “Inter” jamoalari loyihani tark etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Superligasidan bosh tortmagan Ispaniyaning “Real”, “Barselona” va Italiyaning “Yuventus” klublari UEFA qonunini buzganlikda ayblanmoqda.
Mohinur Mamatova
LiveBarchasi