Yevropadan Pekin Olimpiadasini butunlay boykot qilishga chaqiriq bo‘ldi
Sport
−
08 dekabr 2021
7791Yevropa Parlament raisi o‘rinbosari Nikola Ber "Funke" (Youtube'dagi sahifa) media guruhiga bergan intervyusida 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlarini to‘liq boykot qilinishi tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
Siyosatchi o‘z pozitsiyasini rasmiy Pekin inson huquqlarini buzayotgani bilan izohlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Parlamenti “AQSH soyasida qolmasligi”, balki “inson huquqlariga rioya qilish uchun qishki o‘yinlarni butunlay boykot qilish tarafdori bo‘lishi” kerak.
Ber na Vashington, na Bryussel Xitoy uyushtirayotgan “ulkan tashviqot tomoshasini” indaman tomosha qilishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin emasligiga ishonch bildirgan. Uning fikricha, ayni paytda “parda ortidagi Xitoy apparati inson huquqlarini ochiq va qo‘pol ravishda buzmoqda”.
Ma’lumotlarga o‘rnida, G‘arb Xitoyni Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati aholisiga zulm qilishda ayblab keladi. 2018 yilda BMT Xitoyning “qayta tarbiyalash lagerlarida” million nafargacha etnik uyg‘ur bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan edi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa buni hozirgacha rad etib keladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 dekabr kuni AQSH Pekin o‘yinlariga rasmiy delegatsiya yubormasligini ma’lum qildi. Uning ortidan Yangi Zelandiya va Avstraliya ham shunday qarorga keldi. Bunga javoban Xitoy rasmiylari AQSHning bu diplomatik boykoti Pekin Olimpiadasining muvaffaqiyatli o‘tishiga xalaqit bermasligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Xitoy boykotchilar sportni siyosatlashtirmasligi, Pekin Olimpiadasiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlar va bayonotlarni to‘xtatishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi