Yevropadagi eng baland haykaldan SSSR gerbi olib tashlanadi (video)
Olam
−
12 iyul 2023
19874Ukrainaning Kiyev shahrida joylashgan “Rodina-mat” (“Vatan” monumenti) haykalining qalqonidagi SSSR gerbi olib tashlanib, o‘rniga Ukraina gerbi o‘rnatiladi. Bu haqda Ukraina Madaniyat va axborot siyosati vaziri Aleksandr Tkachenko ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ertaga, 13 iyul kuni Kiyevdagi Ikkinchi jahon urushi tarixi muzeyida ushbu loyihani amalga oshirishga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tadi.
“Buni uzoq kutgan edik. Biz katta ishni amalga oshirdik va ertaga ajoyib yangilik va tafsilotlarni baham ko‘rishga tayyormiz”, deydi Tkachenko.
Ma’lumot uchun, “Vatan” yodgorligi Ikkinchi jahon urushi davridagi Ukraina tarixi milliy muzeyi hududida joylashgan bo‘lib, uning ochilish marosimi 1981 yilning 9 may sanasida o‘tkazilgan. SSSRning o‘sha paytdagi rahbari Leonid Brejnevning shaxsan o‘zi monumentni ochib bergan. Shundan so‘ng Brejnevga shaharning faxriy fuqarosi unvoni berilgan. 102 metrli haykal zanglamaydigan po‘latdan yasalgan bo‘lib, uning og‘irligi taxminan 25-30 tonnani tashkil qiladi. Haykal balandligi bo‘yicha Yevropada tengsiz hisoblanadi. Endilikda uning qalqonidagi SSSR gerbi Ukraina davlat ramzi – Tridentga almashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vafotiga 40 yildan ortiq vaqt o‘tganda Leonid Brejnev Kiyevning faxriy fuqarosi unvonidan mahrum qilingandi.
LiveBarchasi