Yevropadagi 1 mln gektar o‘rmon yonib ketdi
Olam
−
29 avgust 2234 2 daqiqa
2025 yilda Yevropa mamlakatlari tarixdagi eng dahshatli o‘rmon yong‘inlari mavsumini boshidan kechirmoqda. Yil boshidan buyon Yevropa Ittifoqi hududida 1 million gektardan ortiq o‘rmonlar yondi. Bu haqda statistikalarga tayanib, “Euronews” xabar berdi.
Joriy yil Yevropada olovdan zararlangan hudud o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan to‘rt baravar ko‘p va bu deyarli O‘rtayer dengizidagi Korsika orolining maydoniga teng. O‘rmonlarda shu yilning o‘zida 1800 dan ortiq yong‘in qayd etilgan, atmosferaga esa 38 million tonna karbonat angidrid gazi chiqarilgan.
Yevropa Ittifoqida joylashgan 27 mamlakatdan faqat Chexiya, Estoniya, Litva, Lyuksemburg va Malta zarar ko‘rmagan. Eng ko‘p yong‘inlar Italiya va Ruminiyada kuzatilgan: jami 450 dan ortiq holat.
Eng yirik yo‘qotishlarga uchragan hududlarning bosh qatorida Ispaniya turibdi. U yerda 400 ming gektardan ko‘proq, Portugaliyada esa 260 ming gektardan oshiq (bu mamlakat hududining 3 foiziga yaqin) maydon yonib, kulga aylangan.
Mutaxassislar yong‘inning asosiy sabablari sifatida ekstremal issiq va uzoq davom etgan qurg‘oqchilikni ko‘rsatmoqda. Iqlimning tez-tez o‘zgarishi olovning kengroq maydonga yoyilishi uchun juda ham qulay imkoniyat yaratmoqda. Bunday vaziyatlarda kichik uchqun ham dahshatli alangaga aylanib ketishi mumkin.
Mutaxassislar yong‘inlarning yanada keng tarqalmasligi uchun bir qancha choralar taklif qilmoqda. Ularning fikricha, muntazam ravishda butalar, quruq o‘simliklarni tozalash va chorva boqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish bu fojealarni ma’lum miqdorda kamaytirishi mumkin.
Shuningdek, olimlar olov o‘chirilgandan keyin ham uning asoratlari qolishini ta’kidlaydi.
“Tutun va u bilan bog‘liq nafas olish kasalliklari odamlar salomatligiga xavf solishda davom etadi”, deydi soha mutaxassislari.
Shu tariqa, 2025 yil Yevropa tarixida o‘rmon yong‘inlari soni va ko‘lami bo‘yicha allaqachon rekord yil sifatida qayd etildi, holbuki mavsum hali tugaganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyadagi o‘rmon yong‘inlar keng hududga quloch yoygani va oqibatda 4 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu mintaqada yong‘inlarga aloqadorlikda gumon qilinib, 37 kishi qo‘lga olingan. Shu bilan birga, yong‘inlar Fransiyani ham chetlab o‘tmadi. Janubiy Fransiyaning o‘rmonlari ham olov ichida qoldi. U yerda bir kishi halok bo‘lib, yana bir odam bedarak yo‘qoldi.
Live
Barchasi