Yevropada koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanyapti. Mintaqa bunga tayyormi?
Olam
−
25 iyun 2020
6713Mutaxassislar Yevropa davlatlarida koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini sodir bo‘lishidan ogohlantiryapti. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Germaniyada har sutkada kasallanganlar soni ortib boryapti. So‘nggi sutkada 600 ga yaqin yangi holat qayd etildi. Mamlakat g‘arbidagi ikki tumanda go‘sht kombinatida ommaviy kasallanish aniqlangach, 360 ming kishi uchun qayta karantin e’lon qilindi.
Yevropada koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat Italiyada ham sutkalik kasallanish holatlari ko‘paydi. 24 iyun kuni 190 kishida koronavirus aniqlangan.
Milandagi Humanitas tibbiyot universiteti professori Mauritsio Chekkoni hozirda koronavirusga qarshi kurashda ikki jihatga ahamiyat berilayotganini aytib o‘tdi. Birinchisi, kasallikning jamoatchilik orasida tarqalmasligi, ikkinchisi, reanimatsiya bo‘limida bemorlar sonining keskin oshib ketishi.
Yevropa intensiv terapiya hamjamiyati professori Jozef Kesejiog‘lu ikkinchi to‘lqin yuz berishi aniqligiga ishora qilib, bu o‘tgan safardagidek yomon bo‘lmasligiga umid qildi.
“Bizda davlat va xususiy shifoxonalarda ko‘riladigan choralar rejasi bor. Qo‘shimcha yotoq o‘rinlari ham tayyorlangan. Ikkinchi to‘lqin yuz bersa, nima qilishni bilamiz. Yetarlicha tibbiy uskunalar va tibbiy vositalar mavjud”, degan Kesejiog‘lu.
Portugaliyada ham koronavirusning yangi o‘choqlari aniqlangan. Mamlakatda so‘nggi oyda 9 200 dan ortiq kasallanish aniqlandi. Ularning ko‘pi poytaxt mintaqasiga to‘g‘ri kelgan. Shu sababdan Lissabonda taqiqlov choralari kuchaytirilgan.