Yevropa Ukrainaga qo‘shin kiritishi kerak – Makron
Olam
−
19 avgust 4519 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa mamlakatlari Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar va quruqlikdagi operatsiyalar orqali yordam berishi kerakligini aytdi. Bu haqda u kecha, 18 avgust kuni Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa davlatlarining rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi brifingda so‘z ochdi.
Makronga ko‘ra, tinchlikni ta’minlash uchun kuchli Ukraina armiyasi zarur bo‘ladi va Ukrainaga quruqlikdagi operatsiyalar bilan yordam ko‘rsatish shart. U, shuningdek, Ukrainaga ittifoqchilari tomonidan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan tinchlikparvarlik missiyalariga ehtiyoj tug‘ilishini ta’kidlagan.
Fransiya rahbarining fikriga ko‘ra, bu amaliyot – urush tugaganidan keyin barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ladi. U, shuningdek, agar Rossiya muzokaralarga tayyorligini bildirmasa, AQSH Prezidenti Donald Tramp Moskva ustidan ikkilamchi sanksiyalar va tariflar kiritish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgan.
Makronning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa yetakchilari AQSH tomoniga tezkorlik bilan tinchlik kelishuviga erishish zarurligini aytgan.
Kecha, 18 avgust kuni Tramp Zelenskiyni Oq uyda qabul qildi, uchrashuv bir soatcha davom etdi. Keyinroq muzokaralar Yevropa mamlakatlari vakillari ishtirokida kengaytirilgan formatda davom ettirildi. Asosiy mavzular Ukrainaga kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari va Moskva bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tashkil qilish bo‘yicha keyingi qadamlar bo‘ldi.
Tramp, shuningdek, Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashganini aytdi va Putin hamda Zelenskiy o‘rtasida uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganini ma’lum qildi. AQSH rahbarining so‘zlariga ko‘ra, avval ikki tomonlama, so‘ngra uning ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ham ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi qariyb 40 daqiqa davom etgan telefon muloqotini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Tramp Putinga Zelenskiy va Yevropa vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari natijalari haqida ma’lumot bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “ko‘ngillilar koalitsiyasi”dagi Yevropa hamkorlari Kiyev nazoratidagi hududlarda o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin harbiy kuch joylashtirishga tayyor ekanini bildirgandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa bir necha bor Yevropa tinchlikparvarlarini Ukraina hududiga kiritish g‘oyasiga salbiy munosabat bildirgan va buni mojaroni yanada keskinlashtiruvchi qadam sifatida baholagan.
Live
Barchasi