Yevropa Myunxen kelishuvining takrorlanishidan ogohlantirmoqda
Olam
−
26 aprel
4444Boltiqbo‘yi davlatlari, Fransiya, Chexiya, Buyuk Britaniya va Ukraina parlamentlarining tashqi ishlar qo‘mitalari raislari kecha, 25 aprel kuni qo‘shma bayonot chiqarib, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi borasida murosaga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidladi.
Estoniya parlamenti rasmiy saytida e’lon qilingan hujjatda qo‘mitalar rahbarlari Donald Tramp va AQSH Kongressini “Rossiya tomonidan bosqinchi davlat sifatidagi global tahdid oldida haqiqiy yetakchilikni namoyish etishga” chaqirgan.
“Biz shantaj va yolg‘onga berilmaslikni qat’iy tavsiya qilamiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bayonotda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga kirish jarayonini tezlashtirish, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Kiyev foydasiga musodara qilish, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va uning “barcha sheriklari”ni harbiy jinoyatlar uchun shaxsan javobgarlikka tortish talablari ham bor.
“Biz 1938 yilda Myunxenda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Harbiy jinoyatchi Putin bilan muzokaralar befoyda: uning asosiy maqsadi ittifoqchimiz AQSHni zaiflashtirish va sharmanda qilishdir”, deyiladi hujjatda.
Bayonotga Estoniya, Latviya, Litva, Fransiya, Chexiya, Ukraina va Buyuk Britaniya parlamentlarining tashqi ishlar qo‘mitasi raislari ham qo‘shildi. Bayonotni Riigikogu tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Marko Mixkelson imzolagan.
Ma’lumot uchun, 1938 yil 30 sentyabrda Myunxenda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Nevill Chemberlen, Fransiya Bosh vaziri Eduard Dalade, fashist Italiya yetakchisi Benito Mussolini va fashistlar Germaniyasi yetakchisi Adolf Gitler tomonidan imzolangan shartnoma Sudetning Germaniyaga qo‘shib olinishini ta’minladi. 30 sentyabrgacha ushbu mintaqa tegishli bo‘lgan Chexoslovakiya imzolashga taklif qilinmadi. Bu kelishuv tarixga “Myunxen kelishuvi” nomi bilan kirdi.
Aksariyat G‘arb tarixchilari ingliz va fransuz siyosatchilari butun Yevropani qamrab oladigan urushdan qo‘rqib, Gitler Chexoslovakiya hududining bir qismini olganidan keyin tinchlanishiga umid qilib, “yumshoq siyosat” olib borishga harakat qilgan degan versiyani ilgari suradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp “Time” jurnaliga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tugaganidan keyin ham Qrim Rossiyaning nazorati ostida qolishini aytgandi.