Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga sanksiya joriy etishni ko‘rib chiqmoqda
Olam
−
26 mart 2023
19080Yevropa Ittifoqi Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o‘tishda yordam beradigan Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi sanksiyalar joriy qilishi mumkin. Bu haqda hujjatga tayanib, “The Telegraph” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ayniqsa, “ikki maqsadli” texnologiyalarga ega bo‘lgan mahsulotlar sohasida eksport hajmi o‘sayotganini ma’lum qilgan.
“Tovarlarning ko‘pchiligida harbiy va fuqarolik maqsadlarida qo‘llaniladigan “ikki maqsadli” texnologiyalar mavjud bo‘lib, ular Rossiyaga eksport qilinishi taqiqlangan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan”, deb yozadi gazeta.
Manbaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlarga eksport qilinadigan tovarlar orasida asosan kir yuvish mashinalari, eski avtomobillar va fotoapparatlar bor. Yevropa rasmiylari ushbu texnologiyalar savdo cheklovlarini chetlab o‘tib, Rossiyaga kirib borayotganidan xavotirda.
“Ko‘plab tovarlar demontaj qilinmoqda, yarimo‘tkazgichlar va boshqa komponentlar Ukrainada shikastlangan Rossiya tanklari, bronetransportyorlari va razvedkachi dronlarini tiklash uchun foydalanilmoqda, degan xavotir bor”, deyiladi maqolada.
Manbada aytilishicha, Yevropa Ittifoqi yetakchilari markaziy osiyoliklar bilan gaplashib, sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berish oqibatlari haqida ogohlantirmoqchi. Agar Yevroittifoq rahbariyati Rossiyaga tovarlarni reeksport qilish dalillarini topsa, u holda Yevropa markaziy osiyoliklarga o‘z bozoriga kirishni taqiqlaydi.
Shuning uchun ham Qozog‘iston 1 apreldan boshlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (tarkibiga Rossiya ham kiradi) davlatlari bilan o‘zaro savdoda tovarlar uchun jo‘natma varaqlarini majburiy rasmiylashtirishni joriy etishini e’lon qilgan. OAV ushbu yangilik yordamida mamlakat G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarga amal qilishini namoyish qilmoqchi ekanligini yozgan.
LiveBarchasi