Yevropa Ittifoqi Lukashenkoning inauguratsiyasini tan olmadi
Olam
−
24 Sentabr 2020
5907Yevropa Ittifoqi Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning inauguratsiyasini tan olmadi. Bu Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrell bayonotidan ma’lum bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, Belarus rahbarining inauguratsiya marosimi demokratik qonuniylikdan mahrum qilingan.
"Yevropa Ittifoqi 9 avgust kuni Belarusda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari erkin va adolatli bo‘lmaganini yana bir bor tasdiqlamoqda. Yevropa Ittifoqi ularning soxtalashtirilgan natijalarini tan olmaydi. Shunga asoslanib, 2020 yil 23 sentyabrda bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimi demokratik qonuniylikdan mahrum qilingan, deb hisoblanadi", deyilgan hujjatda.
Ma’lumot uchun, kecha, 23 sentyabr kuni Minskdagi Mustaqillik saroyi – davlat rahbarining rasmiy qarorgohida Inauguratsiya marosimi o‘tkazilgandi. So‘nggi lahzaga qadar Belarus rasmiylari inauguratsiyaning rasmiy sanasini ma’lum qilmagan edilar.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 avgustida Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda 26 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko ham ishtirok etib, 80 foizdan ortiq ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi.
9 avgust kuni Belarusda o‘tkazilgan prezidentlik saylovining natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, Minskda namoyishlar boshlandi. Odamlar Lukashenkodan iste’foga chiqishini talab qildi. Hukumat namoyishchilarga qarshi OMON bo‘linmasini ishga soldi. Ikki o‘rtada to‘qnashuvlar ham bo‘ldi.
LiveBarchasi