Yevropa Eronni Isroildan qutqaryapti – OAV
Olam
−
20 iyun 39175 2 daqiqa
Bugun, 20 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Eron hamda “Yevrotrio” (Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya) va Yevropa Ittifoqi vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu uchrashuv Isroilning harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri Eronning G‘arb diplomatlari bilan ilk marta yuzma-yuz aloqasi bo‘lgan. Uchrashuv Eronning yadroviy va ballistik dasturlari taqdiri yuzasidan bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralar AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilga harbiy yordam masalasida qaror qabul qilish uchun ikki haftalik tanaffus olgan bir paytda o‘tkazilgan. Ekspertlar hisobiga ko‘ra, Isroil har kuni Eron bilan urushda 200 million dollargacha yo‘qotyapti, bu esa ularning uzoq davom etuvchi harbiy kampaniyani yolg‘iz olib borish imkoniyatini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Yevropa rasmiylari bu uchrashuvni Eronni murosa qilishga undash va uni AQSH bombardimonlaridan saqlab qolish uchun o‘tkazdi. “The Washington Post” manbalariga ko‘ra, ayni vaqtda Eron o‘zining eng zaif holatidadir va bu G‘arb uchun uni muzokaralarga qaytarishga noyob imkoniyat sanaladi.
“Yadroviy muammoni faqat harbiy operatsiyalar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Chunki Eronning ba’zi ob’ektlari yaxshi himoyalangan va ayni paytda hech kim 60 foiz boyitilgan uran aynan qayerda joylashganini aniq bilmaydi. Bizga nazoratni tiklash uchun muzokara va texnik nazorat kerak”, degan Makron.
Isroil-Eron urushi
Joriy yilning 13 iyun kuni Isroil fors davlatining turli shaharlarida yadroviy inshootlarga va Eron oliy harbiy rahbariyatining joylashuviga keng ko‘lamli zarbalar berishni boshladi. Hujumlarda Eron bosh shtab boshlig‘i, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni, bir qancha yuqori martabali harbiy amaldorlar va to‘qqiz nafar eronlik yadro olimi halok bo‘lgan. Eronda 13 iyun kunidan beri kamida 585 kishi halok bo‘ldi, 1300 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Eron bunga javoban Isroilga ballistik raketa hujumi uyushtirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi