Yevropa AQSHsiz o‘zini himoya qila olmaydi – Mark Ryutte

Olam

image

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Yevropa AQSH yordamisiz o‘zini himoya qila olmasligini aytdi. U Amerika yadroviy soyabonini “NATO erkinligining asosiy kafolati” deb ta’rifladi. Bu haqda u kecha, 26 yanvar kuni Yevropa Parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z ochdi.

Ryutte kimdir Yevropa Ittifoqi yoki umuman Yevropa Amerikasiz o‘zini himoya qila oladi deb o‘ylasa, adashishini bildirgan. U AQSHning yadroviy soyaboni Yevropa erkinligining asosiy kafolati hisoblanishini, agar “Amerika soyaboni” bo‘lmaganda, bu Yevropa uchun milliardlab yevroga tushishini ma’lum qilgan.

Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropa chindan ham “mustaqil harakat qilishni” istasa, unda har bir mamlakat uchun mudofaa xarajatlari NATO a’zolari 2025 yil iyun oyida kelishib olganidek YAIMning 5 foizigacha emas, balki 10 foizigacha oshishi kerak. Ryutte o‘zining pozitsiyasiga qo‘shilmaydiganlarga esa “omad” tilagan. 

Ryutte shuningdek, yagona Yevropa armiyasini yaratish g‘oyasini tanqid qilgan. Uning aytishicha, milliy qurolli kuchlardan tashqari bunday ittifoqning tuzilishi “ko‘plab takrorlanuvchi tuzilmalar”ni yaratadi, bu esa “vaziyatni murakkablashtiradi”. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropada NATOdan tashqarida yagona armiya tashkil etilishidan “xursand bo‘ladi”.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Yevropa YAIMning 5 foizini mudofaaga ajratish majburiyatini olib, “to‘g‘ri yo‘lda” ekanligini e’lon qilgan. 

“Agar biz buni qilsak, albatta o‘zimizni an’anaviy vositalar bilan himoya qila olamiz”, deydi vazir.

Shu bilan birga, Vadeful yadroviy salohiyatni oshirish “chindan ham murakkabroq masala” ekanligini tan olgan. Shu tufayli vazir Yevropani ham “katta mustaqillikka intilishga” va “Qo‘shma Shtatlar bilan mudofaa ittifoqi doimo faol bo‘lib qolishini ta’minlashga” chaqirgan.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ham NATO Bosh kotibining bayonotlariga izoh bergan. 

“Yo‘q, aziz Mark Ryutte. Yevropaliklar o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari mumkin va olishlari kerak. Hatto Qo‘shma Shtatlar ham bunga qo‘shiladi. Bu NATOning Yevropa ustunidir”, deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan yozishmalari ommaga e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Mark Ryutte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing