Yevropa 5 yil ichida yo‘qolib ketishi mumkin – Makron
Olam
−
10 fevral 4738 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, agar zarur choralar ko‘rilmasa, Yevropa besh yil ichida jiddiy inqirozga yuz tutib, yo‘qolib ketish xavfi ostida qoladi. Bu haqda u bugun, 10 fevral kuni “Tagesanzeiger” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Makron Yevropada ayrim muhim sanoat tarmoqlari – kimyo, avtomobilsozlik va stanoksozlik sohalarida keskin pasayish kuzatilayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sohalardagi vaziyat so‘nggi 18 oy ichida tubdan o‘zgargan.
Fransiya Prezidenti Yevropa hozir ikki tomonlama inqirozga duch kelganini aytgan. Bir tomondan Xitoy bilan savdo bosimi kuchaygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan AQSH siyosatida beqarorlik mavjud. Makron Yevropa ushbu jarayonlarda yoki tomoshabin bo‘lishi, yoki faol ishtirok etishi lozimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, u Grenlandiya bilan bog‘liq vaziyatni Yevropa uchun muhim geosiyosiy burilish nuqtasi deb atagan. Makronning fikricha, bu holat Yevropaga tahdid borligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibiga kiradi. Donald Tramp esa orol AQSH tarkibiga qo‘shilishi kerakligini bir necha bor bildirgan. Daniya va Grenlandiya rasmiylari esa o‘z hududiy yaxlitligi hurmat qilinishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron Yevropa geosiyosiy va geoiqtisodiy favqulodda vaziyatda ekanini aytgan edi. U Yevropa Ittifoqi yetakchilarini Amerika texnologiyasi va Xitoy importi qarshisida orqada qolmaslik uchun tezkor iqtisodiy harakatga chaqirgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi