YeOIIga kirish O‘zbekistonga nima beradi?
Tahlil
−
11 Oktabr 2019
8233So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi masalasi qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Fikr-mulohazalar turli-tuman, ayrim kishilar mazkur ittifoqqa kirishni yoqlasa, ba’zilar esa bunga mutlaqo qarshi.
Xo‘sh, O‘zbekistonning YeOIIga kirish masalasining ijobiy va salbiy jihatlari nimalardan iborat?
Ta’kidlash kerakki, mazkur Ittifoq O‘zbekiston Respublikasi yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi maqsadlariga to‘g‘ri keladi. Demak, YeOII va bugungi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatlarining asosiy maqsadlari bir-biriga mosdir.
Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlarining umumiy maydoni 20,3 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, aholisining soni 186 million kishi, YAIM hajmi 1,9 trillion AQSH dollariga teng. Ko‘rinib turibdiki, YeOIH – hajmi jihatidan juda katta bozor va uning teng huquqli a’zosi bo‘lish O‘zbekistonga ulkan imkoniyatlarni yaratib beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalari kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Tobora kamayib borayotgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlari yanada oshdi.
Raqamlarga murojaat qilaylik. Ayni vaqtda O‘zbekiston hududida Rossiya kapitali ishtirokida 950 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda, Rossiyada esa O‘zbekistonning iqtisodiy sub’ektlari ishtirokida 550 dan ziyod korxonalar mavjud. Ikki mamlakatning mintaqalararo hamkorligi ham tobora kengayib, o‘zbekistonlik tadbirkorlar Rossiyaning 70 ga yaqin hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilishmoqda.
Xuddi shunday Belorussiya bilan mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati sohasi hamda mahalliylashtirishni kengaytirishda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilyapti.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda Qozog‘iston Respublikasi kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxonalar, Qirg‘iziston investorlari ishtirokida esa 96 ga yaqin kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Qozog‘iston hududida 150 ga yaqin Qozog‘iston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi, Qirg‘izistonda esa 200 dan ortiq Qirg‘iziston-O‘zbekiston qo‘shma korxonalari o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Yana bir jihat, Ittifoq doirasida tovarlarning boj to‘lovlarisiz olib o‘tilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarning hech qanday to‘siqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini ta’minlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.
Ammo uning ayrim salbiy jihatlari ham mavjud. Ya’ni mamlakatimizda mahsulotlari yuqori narxga ega bo‘lgan korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sirlar bo‘lishi, ichki bozorda import mahsulotlari hajmining ko‘payishi, ayrim tovarlar bozorida raqobatning ortishi, hozir turlicha bo‘lgan texnik tartibga solish va standartlarni bir xil qilish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi hamda tayyor sanoat tovarlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tumanlararo tafovut ortishi mumkin.
Ma’lumki, mamlakatimizda eksport, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish muhim vazifa qilib belgilangan. Buning uchun salohiyatli va barqaror iste’mol bozori zarur bo‘ladi. Shu jihatdan olib qaraganda, Yevroosiyo ittifoqi bilan integratsiyalashuv juda muhim vazifa hisoblanadi. Qolaversa, YeOIIga kirish agrar mahsulotlarimizni YeOIIga a’zo mamlakatlarga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradi-ki, bu katta miqdorda qo‘shimcha foyda ko‘rishga sabab bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligida ham YeOII ga kirishning ayrim salbiy jihatlari bor. Masalan, bu jarayon mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga, o‘simliklarni himoya qiluvchi ximikatlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga moliyaviy zarar yetkazish ehtimoli bor.
Shu bilan birga, YeOIIga kirish uning doirasida yagona elektr energiyasi bozori yaratish va shu yo‘l orqali barcha a’zo davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatini ham yaratadi. Bu Ittifoq a’zolarining iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi.
O‘zbekiston Ittifoqqa a’zo mamlakatlar ichida mehnat resurslari soni bo‘yicha Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bu esa O‘zbekistonning mehnat resurslariga boyligi va mehnat salohiyati yuqoriligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi o‘ta muhim muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda 2,4 millionga yaqin kishilar ishlash uchun chet elga chiqib ketgan. Tashqi migrantlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,2 mln kishi yoki 91,7 %) to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bilan MDH mamlakatlari orasida Rossiyaga kirib kelayotgan migrantlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallamoqda.
Ittifoqqa a’zo bo‘lish mehnat munosabatlari masalasida O‘zbekiston uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:
- migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;
- migrantlarning qonuniy yo‘l bilan chiqib ketishi va ularning aniq hisobini yuritishni ta’minlaydi;
- mehnat bozoridagi taklif hamda aholining chetga chiqish qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozori muvozanatligini ta’minlaydi;
- patent to‘lovlari bekor qilinadi va bu migrantlarimizga oyiga o‘rtacha 150 – 170 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha foyda olib keladi;
- mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga tayyor ishchi kuchi bo‘lib va innovatsiyalar bilan keladi va boshqalar.
Shuningdek, Ittifoqqa a’zo bo‘lish bu borada ayrim kamchiliklardan ham xoli emas. Ya’ni sifatli ishchi kuchining mamlakatdan chiqib ketishi va buning oqibatida mamlakatda unga bo‘lgan talab va taklifning buzilishi yuz berishi mumkin.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ta’kidlaganidek, 1992-2016 yillar mobaynida “O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini yaratish bilan shug‘ullanmadi, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ta’minlay olmadi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda xususiylashtirishni o‘tkazish va xususiy mulk xavfsizligini ta’minlash kerak”.
Darhaqiqat, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari va dasturlarini yaratish hamda ularni amaliyotga joriy etishda YeOII davlatlari bizdan ancha oldinga o‘tib ketishgan. Shu bois mazkur Ittifoqqa a’zo bo‘lish ularning bu boradagi tajribasidan ham samarali foydalanish imkoniyatini beradi.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi mamlakatimiz manfaatlariga mos keladi. Hamma gap YeOIIga kirishda puxta tayyorgarlik ko‘rishga bog‘liq. Shundagina bu tadbir xalqimizning manfaatlariga xizmat qiladi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada o‘sishiga hissa qo‘shadi.
Odil OLIMJONOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
LiveBarchasi