O‘zbekiston ittifoqqa yanada yaqinlashmoqda yoxud Mirziyoyev ilgari surgan 7 taklif

Jamiyat

image

O‘zbekiston uzoq tortishuvlardan so‘ng, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi. O‘tgan davrda mamlakatda ittifoqchilikka oid faollashuv payqalmagan esa-da, Prezident Mirziyoyevning bugun, 10 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashida so‘zlagan nutqidan mamlakatning ittifoqqa yanada yaqinlashib borayotgani taxmin qilinadi. 

Mirziyoyev joriy yilning 11 oyi davomida ittifoqqa a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlash 30 foizga o‘sganini alohida urg‘ulaydi. 

Prezidentga ko‘ra, O‘zbekiston ittifoq davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarda ijobiy sur’atni saqlab qolish va ularni barqaror rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi tarafdori.

Shu bois, u, o‘zining ta’biri bilan aytganda, “qo‘shma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalar”ga to‘xtaldi: 

“Birinchi. O‘zaro savdodagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyormiz.

Texnik tartibga solish normalari, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya talablarini uyg‘unlashtirish ishlarini davom ettirmoqdamiz.

Bu borada Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda alohida “Yo‘l xaritasi”ni kelishish jarayonini yakunlayapmiz.

Ikkinchi. Avvalgi sammitda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhim ekani xususida ancha so‘z yuritildi.

Bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlarimiz ishtirokchi davlatlar bilan ko‘proq ikki tomonlama asosda olib borilmoqda.

Biz Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘iziston bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xarita”larini qabul qilganmiz va izchil amalga oshiryapmiz.

Birlashma bilan tegishli hamkorlikni tizimli asosda tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy kengashining Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etishga tayyormiz.

Uchinchi. Yangi transport yo‘laklarini barpo etish loyihalarini ilgari surish mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini oshirish borasidagi birgalikdagi ishlarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi.

O‘zbekistonning bugun imzolanayotgan bitimga muvofiq amalga oshiriladigan yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy etish bo‘yicha dasturga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining Logistika zanjirlarini rivojlantirishning raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi yangi tashabbus ham bizda qiziqish uyg‘otmoqda.

To‘rtinchi. Global iqlim kun tartibini hisobga olib, a’zo va kuzatuvchi davlatlarning “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir.

Shu munosabat bilan, hozirgina Vladimir Vladimirovich aytgan Yuqori darajadagi ishchi guruhga qo‘shilishga tayyormiz hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasidagi qo‘shma Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etamiz.

Beshinchi. Raqamli iqtisodiyotga o‘tish, innovatsiyalar va ilg‘or IT-yechimlarni keng joriy qilish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu borada bilim, tajriba va ilg‘or texnologiyalar almashish, mamlakatlarimiz  IT-parklari va markazlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirish, sohada ishbilarmonlar sherikligini kengaytirish maqsadida navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz.

Oltinchi. Yevroosiyo makonidagi muhim ishbilarmonlik tashabbuslari va dasturlarini amalga oshirishga kuzatuvchi davlatlarni yanada faol jalb etish yuzasidan o‘zaro kelishilgan takliflar tayyorlash, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvni rag‘batlantirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan samarali foydalanish niyatidamiz.

Buning uchun markaz negizida mamlakatlarimiz taraqqiyot institutlarining faol ishtirokida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha turkum tadbirlar o‘tkazishni taklif etamiz.

Yettinchi. Iqtisodiy integratsiya maqsadlaridan kelib chiqib, kuzatuvchi mamlakatlarning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashi va organlari ishida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishni istardik.

Bu hamkorlik samaradorligini oshirish va qo‘shma qarorlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zini yakunlar ekan, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi

Baholaganlar

465

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing