Yoshlarga imkoniyat – ko‘payib qaytadigan natija

Jamiyat

image

Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar ortida yosh avlodning kuch-g‘ayrati, yangi g‘oyalari va zamonaviy qarashlari turibdi. Bu yutuqlarning asosi esa yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan davlat siyosatidir. 

Aholimizning 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishi bu yo‘nalishdagi ishlar qay darajada dolzarb ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar qadam qo‘yayotgani ular uchun munosib ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya masalasi hayotiy zaruratga aylanib borayotganini anglatadi.

So‘nggi yillarda yoshlar tadbirkorligida sezilarli o‘sish kuzatildi. Yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, biznes vakillarining 40 foizini yoshlar tashkil etayotmoqda. Yoshlar sanoat zonalari va texnoparklari orqali o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etib, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida ilg‘or loyihalarni amalga oshirmoqda. Bunday infratuzilmalar yoshlar uchun texnologik va moddiy baza bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yoshlar uchun bandlik imkoniyatlari nafaqat tadbirkorlikda, balki qishloq xo‘jaligida ham kengaymoqda. Masalan, tomorqadan samarali foydalanib, 100 million so‘mdan ortiq daromad olgan yoshlarga soddalashtirilgan tartibda yer ajratilishi ularning mehnat unumdorligi va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Shuningdek, yoshlar tadbirkorligi uchun ajratilgan 100 million dollarlik jamg‘arma va imtiyozli kreditlar tizimi yoshlarning ishga muhtojligini kamaytirishga qaratilgan amaliy qadamdir. Muhim jihati shundaki, bu kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligiga yo‘naltirilishi ularning iqtisodiy mustaqilligi va jamiyatdagi faolligini yanada kuchaytirish imkonini bermoqda. Buning ortidan nafaqat yangi bizneslar paydo bo‘lmoqda, balki ishsizlikni kamaytirishga xizmat qiladigan minglab yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani e’tiborga loyiq.

Kreativ iqtisodiyot sohalaridagi faoliyatda yoshlarning ulushi 98 foizga yetgani esa yoshlar innovatsiyaga intiluvchan, yangicha ishlashga tayyor ekanining yorqin isbotidir. Bunday sohalarda har bir loyiha va tashabbus ortida yangi ish o‘rinlari, raqobatbardosh mahsulotlar va zamonaviy xizmatlar yaratilayotgani zamon talablariga mos rivojlanish yo‘lini ko‘rsatadi.

Yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda “Yoshlar daftari” alohida o‘rin tutadi. “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming yoshga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatilgani bu shunchaki salmoqli raqam emas. Bu ko‘rsatkich ortida minglab yoshlar va ularning oilalari hayotida ro‘y bergan real o‘zgarishlar, imkoniyatga aylangan orzular mujassam. Bunday yordam orqali yoshlar moddiy qiyinchiliklardan qutulib, ta’lim olish, kasb egallash yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa yoshlar kambag‘allikdan chiqishi, o‘z hayotini to‘laqonli qurishi uchun zamin yaratdi va ularning kelajakka ishonchini mustahkamladi.

Shu bilan birga, oliy ta’limdagi imkoniyatlarning kengayishi ham jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. Ilgari bitta o‘rin uchun o‘nlab yoshlar raqobatlashishi natijasida ko‘plab iqtidorli yoshlar ta’limdan chetda qolib ketar edi. Bugun esa oliy ta’lim muassasalari soni uch barobar ko‘paygani sababli 42 foiz yoshlar oliy ta’lim bilan qamrab olingan. Bu mamlakatning intellektual salohiyati ortib borayotganini, yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratilayotganini anglatadi.

Ayniqsa, xotin-qizlar uchun to‘lov-shartnoma xarajatlarini davlat qoplab berishi natijasida ularning oliy ta’limdagi ishtiroki 11 barobar oshgani jamiyatda gender tengligini ta’minlash yo‘lida amaliy qadamlar qo‘yilayotganini ko‘rsatadi. Bu yosh xotin-qizlarning bilim olish, kasb egallash, iqtisodiy mustaqillikka erishish imkoniyatlarini kengaytirib, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlaydi. Shunday qilib, yoshlarga qaratilgan bunday choralar nafaqat shaxsiy taraqqiyotga, balki butun mamlakatning barqaror va farovon rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Akmal Jumamurodov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

yoshlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing