Yosh bolalarni haqoratlagan “So‘g‘diyona”ning serbiyalik darvozaboniga chora ko‘rildi
Sport
−
17 avgust 2023
10937Avvalroq futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati doirasidan o‘rin olgan “Neftchi” va “So‘g‘diyona” o‘yinida Jizzax klubining serbiyalik darvozaboni Milan Mitrovich to‘p uzatuvchi yosh futbolchilar va stadion xodimlarini haqoratlagani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan futbolchiga tegishli chora ko‘rilgani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, darvozabonning bu xatti-harakati oqibatida stadionda tartibsizliklar yuzaga kelgan va bir qator futbol ishqibozlari texnik zona chegaralarini kesib o‘tib, maydonga tushishga, ommaviy janjal keltirib chiqarishga harakat qilgan. Shu sababli qo‘mitaning qarori bilan Milan Mitrovichga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, mazkur uchrashuv yakunlanganidan so‘ng “Neftchi” futbol klubi muxlislari tribunadan maydonga yugurib chiqqani, uchrashuv vaqtida va uchrashuv yakunlanganidan so‘ng maydon hamda futbolchilar tomonga turli buyumlar uloqtirgani hamda ommaviy tartibsizliklar sabab “Neftchi” futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.
“Jamoa shu kabi holat takrorlangan taqdirda “Neftchi” futbol klubining uy uchrashuvlarini muxlislarsiz o‘tishi to‘g‘risida ogohlantirildi”, deyilgan qo‘mita qarorida.
LiveBarchasi