Yosh bolaga kuch ishlatib, mashinasiga tiqqan PPX xodimlariga “hayfsan” berildi
Jamiyat
−
02 fevral
9261Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari bir bolani mashinaga majburan tiqib, olib ketgani aks etgan video tarqaldi.
Kecha, 1 fevral kuni tasvirdagi bolaning onasi mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, 2023 yil 22 dekabr kuni Chilonzor tumani Chilonzor-3 mavzesida IIO xodimlari Sh.M. va A.O.lar 2011 yilda tug‘ilgan K.P.da pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan o‘tqazishga uringan. Shu bilan birga, xodimlar unga nisbatan qo‘pol va nomaqbul munosabatda bo‘lgan.
Buning oqibatida esa bola bosh sohasidan lat yegan va qattiq emotsional qo‘rquv holatiga tushgan.
Ichki ishlar xodimlariga nisbatan mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, Sh.M. va A.O. larning harakatlarida voyaga yetmagan K.P.ga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish hamda IIV Kasb madaniyati kodeksini buzish holatlari yuzasidan "hayfsan" intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
"Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bola manfaatlariga zid bo‘lgan bu kabi harakatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va bunga javoban qonun doirasidagi qat’iy chora ko‘rilishi shart.
Hozirda Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holatga huquqiy baho berish masalasini o‘rganmoqda", deyiladi munosabatda.
LiveBarchasi