Yermak Ukrainada tinchlikka erishish uchun 3 ta shartni aytdi
Olam
−
12 mart
9324Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Yevropa va Qo‘shma Shtatlar uchun Ukrainada uzoq muddatli tinchlikni ta’minlaydigan uchta asosiy “tanqidiy muhim” shartni, jumladan, Rossiyaga nisbatan “siyosiy va moliyaviy bosim”ni aytib o‘tdi. Bu haqda u “The Guardian” nashriga bergan maqolasida aytib o‘tdi.
“Birinchidan, Ukraina kelajakda sulh bitimining ishonchliligini ta’minlaydigan xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlanishi kerak.
Ikkinchidan, Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish va ko‘paytirish uchun qat’iy harakat qilishi kerak.
Uchinchidan, Yevropa Rossiyaning muzlatilgan aktivlari ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishi kerak, bu esa Ukrainani doimiy va ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashi kerak”, dedi Yermak.
Uning qayd etishicha, o‘tgan hafta Yevropa Kengashi yig‘ilishi Yevropa birlashgan holda o‘z xavfsizligi va taqdirini o‘zi nazorat qila olishini isbotlagan.
“Aynan kuchli Yevropa xavfsizligidan manfaatdorlik Ukrainani ushbu shartlarni bajarishda turib olishga undaydi. Moskvaning Ukrainaga qarshi o‘n yillik tajovuzkorligini yengil qabul qilib bo‘lmaydi – Yevropa yetakchilari buni tan olishadi va biz ularni hozirgi o‘ta muhim vaqtda o‘tgan payshanba kuni Bryusselda erishilgan istiqbolli kelishuvlarni amalga oshirishga chaqiramiz”, deb ta’kidladi siyosatchi.
Eslatib o‘tamiz, 6 mart kuni Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha maxsus sammiti bo‘lib o‘tgandi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari konsensusga erishishga harakat qildi, YeI elchilari yig‘ilish boshlanishiga qadar bir necha hafta davomida umumiy bayonot matni ustida birga ishladi, ko‘plab diplomatlar ovoz berishga ijodiy yondashish va “konstruktiv tiyilish”ga umid bildirdi, biroq Viktor Orban vakili bo‘lgan Vengriya qat’iyligicha qoldi.
Vengriya rahbari Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasidan uzoqlashdi va bayonot 27 emas, 26 hukumat va davlat rahbari tomonidan qabul qilindi. Sammit xulosalari matniga Ukraina orqali gaz tranziti bo‘yicha band qo‘shish orqali Slovakiya bilan murosa topildi.