Yerlan Karin Qozog‘iston vitse-prezidenti bo‘ldi

Olam

image

Yerlan Karin Qozog‘iston vitse-prezidenti etib tayinlandi. Qurultoy deputatlari ushbu lavozimga uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 31 avgust kuni Qurultoyning yalpi majlisida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev vitse-prezidentlik lavozimiga Yerlan Karin nomzodini taklif qilgan.

“Yerlan Karinni mamlakatda yaxshi tanishadi. U davlat boshqaruvi tizimida uzoq yillar ishlagan, keng dunyoqarash, boy tajribaga ega va haqiqiy patriot. U keng ko‘lamli islohotlarni amaliy amalga oshirishda ishtirok etgan, uzoq muddatli davlat strategiyasi va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollari haqida aniq tasavvurga ega. Shu bois Yerlan Tinimbayo‘g‘li Karinni ushbu lavozimga munosib deb bilaman. Qurultoydan uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashni so‘rayman”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev Qurultoy oldida so‘zlagan nutqida.

Qurultoy deputatlari ushbu taklifni ma’qullagan. 145 nafar deputatdan 141 nafari Yerlan Karin nomzodini yoqlab ovoz bergan. Ovoz berish protsedurasidan so‘ng Karinning o‘zi so‘zga chiqqan.

“Oxirgi 5-7 yil ichida mamlakatimizning barcha sohalarida ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Siz aytganingizdek, Qosim-Jomart Kemelo‘g‘li, Qozog‘iston barqarorlashdi, oxirgi 5 yilda sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi va xalq buni his qilmoqda. Hurmatli Qosim-Jomart Kemelo‘g‘li, siz tesh-tez aytadigan so‘zlar bor: har bir fuqaro uchun Vatanga xizmat qilish — bu katta baxt va yuksak sharafdir. Mening chekimga ham ana shunday sharaf tushdi. Ishonchingiz uchun sizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Qaysi lavozimda bo‘lmaylik — o‘z vazifalarimizni halol bajarishga va Vatanga xizmat qilishga, shuningdek, mamlakatimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga qasam ichaman!

Keyingi maqsad — konstitutsiyaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni jamiyatda amalga oshirish — biz uchun bosh vazifadir. Mamlakatimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar Vatanimiz farovonligiga qaratilgan.

Hurmatli Qurultoy deputatlari, sizni mamlakatimiz farovonligi yo‘lidagi umumiy maqsadlarimizni birgalikda amalga oshirishga chaqiraman”, deydi Yerlan Karin.

Keyinchalik To‘qayev Karin va Bektenovni tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev Qurultoyning yalpi majlisida bosh vazir lavozimida Oljas Bektenovni qoldirishni taklif qilgani va deputatlar taklif etilgan nomzodni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing