Yerevandagi chempionatda ham sport siyosiylashtirildi (video)
Olam
−
15 aprel 2023
8843Kecha, 14 aprel kuni Armaniston poytaxtida og‘ir atletika bo‘yicha Yevropa chempionatining ochilish marosimida Ozarbayjon bayrog‘i rasmiy akkreditatsiyadan o‘tgan shaxs tomonidan qo‘pol tarzda yoqib yuborildi. Baku mazkur provokatsiyaga javoban Yevropa chempionatidan og‘ir atletika bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolarini qaytarishga qaror qildi. Bu haqda Ozarbayjon Yoshlar va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasining qo‘shma bayonotida aytiladi.
“Ushbu buzg‘unchilik Armaniston Bosh vaziri ishtirok etgan va arman jamoatchiligi vakillarining qarsaklari ostida o‘tkazilgan marosimda sodir etilgan. Provokatsiyani sodir etgan shaxsni qahramon sifatida ko‘rsatish etnik adovat va ksenofobiya, ozarbayjonofobiyaning yorqin namunasidir. Bunday xatti-harakatlar sportning xalqlar o‘rtasida tinchlik va hamjihatlikka xizmat qiluvchi maqsad va tamoyillariga mutlaqo ziddir. Sportni siyosiylashtirishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deyiladi bayonotda.
Shu munosabat bilan Baku ozarbayjonlik sportchilarni Yerevandan qaytarishga qaror qilgan va Yevropa og‘ir atletika federatsiyasini Armanistonga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ham Yerevandagi provokatsiyani qoralagan.
“14 aprel kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha Yevropa chempionatining ochilish marosimida Ozarbayjon bayrog‘i yoqib yuborildi. Biz Armanistonda ildiz otgan etnik sabablarga ko‘ra Ozarbayjonga nisbatan nafrat timsoli bo‘lgan provokatsion harakatni keskin qoralaymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ozarbayjon TIV Armaniston rasmiylari tadbir tashkilotchisi sifatida voqealar rivojining o‘z vaqtida oldini olishi va tegishli xavfsizlik choralarini ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.
“Ushbu harakatni sodir etgan shaxs dastlab hibsga olingan bo‘lsada, uning gulduros qarsaklar ostida qo‘yib yuborilishi katta tashvish uyg‘otadi. Armaniston tomoni etnik adovat asosida jinoyat sodir etgan shaxsni javobgarlikka tortishi kerak”, deyiladi bayonotda.
LiveBarchasi