Yerevan bir oy ichida Baku bilan tinchlik shartnomasini imzolashga umid qilmoqda
Olam
−
07 Oktabr
1698Armaniston noyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim bo‘yicha 29-sammiti (COP-29) oldidan Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkinligiga umid qilmoqda. Bu haqda Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyanga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
"Agar bu faqat bizga bog‘liq bo‘lganida, hamma narsa bugun, hozir imzolangan bo‘lar edi. Ammo, biz umid qilamizki, ertami-kechmi bu lahza keladi", deydi Xachaturyan.
U, shuningdek, Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi quruqlik chegarasini uchinchi davlat fuqarolari va diplomatik pasport egalari uchun ochish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli kechganini ma’lum qildi.
"Bu [davlatlar o‘rtasidagi] haqiqiy diplomatik munosabatlar haqiqatga aylanganidan dalolat edi", deydi Prezident.
Avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan va Baku tinchlik kelishuvining 80 foizi bo‘yicha kelishib olganini aytib, Ozarbayjonni ushbu bandlarni imzolashni taklif qilgan edi. COP-29 11 noyabrda Bakuda ish boshlashi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida agar tinchlik shartnomasi Armaniston Konstitutsiyasiga zid bo‘lib chiqsa, Yerevan tinchlik uchun Konstitutsiyani o‘zgartirishi kerak bo‘lishini aytgandi. Bungacha Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston Konstitutsiyasida mustahkamlangan mamlakatga qarshi hududiy da’volarni “yo‘q qilish kerakligini” aytgandi.
LiveBarchasi