Yerevan bilan tinchlik kelishuvining asosiy sharti Armaniston konstitutsiyasini o‘zgartirishdir – Aliyev
Olam
−
01 iyul
5248Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik kelishuvining asosiy sharti, Ozarbayjonga qarshi hududiy da’volarni o‘z ichiga olgan Armaniston konstitutsiyasini o‘zgartirish ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlarsiz shartnoma imzolanmaydi. Shu haqdagi tegishli bayonot Prezident ma’muriyati tomonidan e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Kanadaning Bakudagi yangi elchisi Kevin Hamilton Aliyevga ishonch yorliqlarini topshirgan. Ishonch yorliqlarini qabul qilgan Aliyev elchi Hamilton bilan suhbatlashgan.
Elchi Hamiltonning aytishicha, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keng qamrovli tinchlik shartnomasi imzolansa, uning mamlakatining ham Ozarbayjon, ham Armaniston bilan aloqalari yanada rivojlanadi.
Hamilton, Kanada har doim Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaganini aytdi.
O‘z navbatida, Aliyev Armaniston bilan imzolanadigan tinchlik shartnomasi Ozarbayjonning biron bir davlat bilan munosabatlarida muhim rol o‘ynay oladi, deb o‘ylamasligini ta’kidladi.
Prezident Ozarbayjon bilan Yevropa Ittifoqining 10 ta davlati o‘rtasida strategik sheriklik deklaratsiyasi imzolangani va bu imzolarning aksariyati 2-Qorabog‘ urushi oldidan qo‘yilganini ta’kidladi.
“Shu nuqtai nazardan, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasining yo‘qligi mintaqadagi biron bir davlatning faollik darajasini belgilovchi omil bo‘la olmaydi”, degan Aliyev.
Prezident ishg‘ol paytida ba’zi davlatlar Armanistonning ishg‘oliga nisbatan sukut saqlaganliklarini va Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlamaganliklarini eslatdi.
“Hozir biz arman armiyasini jang maydonida mag‘lub etib, o‘z yurtlarimizdan quvib chiqarganimizdan so‘ng, bu davlatlardan bizning hududiy yaxlitligimizni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi bayonotlarni eshitamiz. Endi bizning hududiy yaxlitligimizni kimdir tan oladimi yoki yo‘qmi muhim emas. Bu gaplar yerlarimiz ishg‘ol ostida bo‘lganida muhim bo‘lardi”, degan Ilhom Aliyev.
Armaniston bilan tinchlik jarayonining borishini izohlar ekan, Aliyev qo‘shimcha qildi:
“Bu vaqt talab etadi va, albatta, tinchlik kelishuvining asosiy sharti Armaniston konstitutsiyasini o‘zgartirishdir. Chunki unda Ozarbayjonga qarshi hududiy da’volar bor va bu amalga oshirilmaguncha tinchlik shartnomasi imzolanmaydi. Biz muzokaralar jarayonida juda tez harakat qilmoqdamiz. O‘ylaymanki, bir necha oy ichida biz tinchlik shartnomasi matnini, hech bo‘lmaganda uning asosiy tamoyillarini yakunlashimiz mumkin. Biz asosiy tamoyillar bo‘yicha kelishib olamiz va ularni boshlaymiz. Biroq Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilgandan keyingina asosiy matn ustida ishlash ham davom etadi”, deydi Aliyev.
LiveBarchasi