Yerdagi har yuzinchi odam koronavirus bilan kasallangani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
23 dekabr 2020
2647Dunyoda yangi koronavirusni yuqtirganlarning umumiy soni 77,9 milliondan oshdi. Bu haqda TASS rasmiylar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga asoslanib xabar bermoqda.
Shunday qilib, koronavirus yuqtirganlarning ulushi dunyo aholisining 1 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Bu ma’lumot Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi yil o‘rtalarida taqdim etgan Yer sayyorasi aholisi 7,795 milliard kishini tashkil etishi haqidagi xabariga asoslanib, keltirilmoqda.
Kasallikning eng yuqori darajasi aholisi nisbatan kam bo‘lgan mamlakatlarda qayd etilgan. Andorrada aholining 9,9 foizi (7 633 kishi), Lyuksemburgda 7,3 foizi (44 809 kishi) koronavirus yuqtirgan. Chernogoriyada koronavirus aholining kamida 7,2 foizida (44 542 kishi), AQSHda esa 5,6 foiz aholida (18,2 milliondan ortiq kishi) aniqlangan. Rossiyada bu ko‘rsatkich taxminan 1,9 foizni tashkil etadi (2,9 million kishi).
Koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi tezlashishda davom etmoqda. Jahonning ko‘plab mamlakatlarida infeksiyaning ikkinchi to‘lqini sentyabrgacha davom etib, dunyoda har kuni 300 minggacha kasallik qayd etilgan. Oktyabrgacha bu ko‘rsatkich kuniga 600 ming kishiga etgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 20 dekabr kuni yangi rekord qayd etildi - 24 soat ichida 800 mingta yangi holat aniqlandi.
LiveBarchasi