Yer yuzini 20 yil ichidagi eng kuchli magnit bo‘roni qoplashi kutilmoqda
Bu qiziq
−
10 may
34528Joriy yilning 11 may kuni so‘nggi 20 yil ichida birinchi marta Quyoshdagi bir qator kuchli chaqnashlardan so‘ng Yerni eng yuqori darajadagi magnit bo‘roni qoplashi mumkin. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Koinot tadqiqotlari instituti Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi rahbari Sergey Bogachevga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
“Uch kun davomida Quyosh sayyoramiz tomon to‘rtta juda katta plazma bulutini uloqtirdi. Ulardan ba’zilari yo‘lda kattaroq ob’ektga birlashadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun tunda Yer magnit maydoniga tushadi”, deydi Sergey Bogachev.
Olimning aniqlik kiritishicha, o‘zining eng yuqori cho‘qqisida bo‘ron kamida G4.33 bo‘ladi. 2005 yildan beri birinchi marta G5ga erishish ehtimoli 15 foizga teng. Keyinroq Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi Quyoshda yangi katta chaqnash – X3.9 sinfini qayd etgani haqida xabar berdi. Bu so‘nggi 25 yil ichida to‘rtinchi kuchli chaqnash bo‘ldi.
“Oxirgi ikki kun ichida Quyoshda eng yuqori X darajali oltita chaqnash sodir bo‘ldi. Hozirgi vaqtda olov faolligi darajasi o‘n shkala bo‘yicha taxminan 9,8 ni tashkil qiladi. Keyingi ikki-uch kun ichida portlovchi energiya pasayadi. Yerda turli darajadagi geomagnit bo‘ronlar hafta oxirigacha davom etishi mumkin”, deydi Bogachev.
Kuchli magnit bo‘ronlari paytida odamlar bosh og‘rig‘i, zaiflik, bosimning ko‘tarilishi va uyqusizlikni boshdan kechirishi mumkin. Olimlar buni magnit maydon o‘zgarganda kapillyar qon oqimining sekinlashishi va to‘qimalarda kislorod ochligi paydo bo‘lishi bilan bog‘laydi.
Ma’lumot uchun, magnit bo‘ronlarning kuchi besh balli shkala bo‘yicha baholanadi. G1 darajasidagi bo‘ronlar eng zaif deb hisoblanadi, ular elektr jihozlarining ishlashiga deyarli ta’sir qilmaydi; G3 darajasi - kuchli bo‘ron bo‘lib, u energiya tizimlariga bevosita ta’sir qiladi va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi va radio aloqalarini buzishga olib keladi. Maksimal daraja – G5, elektr tarmog‘idagi keng ko‘lamli muammolar va sun’iy yo‘ldoshlar va radio aloqalarining ishlashida jiddiy nosozliklar bo‘lishi mumkin.
Muqaddasxon Sattarova
LiveBarchasi