Yer yuzidagi barcha ommaviy qirilishlar bir xil tarzda sodir bo‘lgan – tadqiqot

Bu qiziq

image

Yer tarixidagi eng yirik ommaviy qirilib ketishlar, jumladan, dinozavrlarni yo‘q qilgan halokat ham bitta umumiy sababga ega bo‘lishi mumkin: atrof-muhit tirik organizmlar unga moslashishga ulgurishidan ko‘ra tezroq o‘zgargan. Massachusets texnologiya instituti va Lester universiteti olimlari shunday xulosaga kelishdi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Physical Review Letters” (PRL) jurnalida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, tadqiqotchilar matematik model ishlab chiqqan va so‘nggi 450 million yil ichida atrof-muhit o‘zgarishi tezligini hayvonlarning evolyutsion moslashish tezligi bilan solishtirgan. Buning uchun ular sayyorada uglerod siklining (atmosfera, okeanlar, tuproq va tirik organizmlar o‘rtasidagi global uglerod almashinuvi tizimi) yirik buzilishlari yuz bergan 27 ta davrni tahlil qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qirilib ketish ko‘lami deyarli hamisha “tezliklarning nomutanosibligi” darajasiga bog‘liq bo‘lgan. Iqlim, okeanlarning kimyoviy tarkibi yoki boshqa sharoitlar juda tez o‘zgarganda, turlarning sezilarli qismi yangi xususiyatlarni shakllantirishga ulgurmagan va yo‘q bo‘lib ketgan.

Muhit o‘zgarishi tezligi va tirik organizmlarning moslashish qobiliyati o‘rtasidagi farq qanchalik katta bo‘lsa, qirilib ketish ko‘lami ham shunchalik ulkan bo‘lib chiqqan.

Ushbu qonuniyat Yer tarixidagi eng yirik biologik halokat – bundan taxminan 252 million yil avval sodir bo‘lgan Perm davridagi qirilib ketishni ham yaxshi tushuntirib beradi. O‘shanda dengiz turlarining 80 foizdan ortig‘i yo‘q bo‘lib ketgan. Modelga ko‘ra, bunga okean kimyoviy tarkibining tez sur’atlarda qayta qurilishi sabab bo‘lgan va organizmlar unga shunchaki moslashishga ulgurishmagan.

Mualliflarning bildirishicha, ko‘plab hayvonlar guruhlarida moslashish tezligi muayyan oraliqda bo‘lib, u ehtimol millionlab yillar davomida atrof-muhitning tabiiy o‘zgarishlari ta’sirida shakllangan. Biroq agar o‘zgarishlar sur’ati ushbu chegaralardan chiqib ketsa, moslashish mexanizmlari buzila boshlaydi.

Tadqiqotchilar ularning ishi yangi ommaviy qirilib ketishni to‘g‘ridan to‘g‘ri prognoz qilish imkonini bermasligini aytib o‘tgan. Shunday bo‘lsa-da, bugungi kunda uglerod siklining buzilish tezligi o‘tmishda sayyoradagi eng yirik biologik inqirozlar bilan birga kechgan ko‘rsatkichlarga allaqachon yaqinlashmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing