Yer yuzi bo‘ylab iqlim inqirozi kuchayishda davom etmoqda
Bu qiziq
−
08 Oktabr
14353AQSHning Oregon shtati universiteti boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi Yer yuzida iqlim inqirozi kuchayishda davom etayotganini aniqladi. Buni sayyoradagi hayot faoliyatining so‘nggi ko‘rsatkichlari tasdiqlagan. Bu haqdagi tadqiqot “BioScience” ilmiy jurnalida chop etildi.
Mutaxassislarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishini kuzatish uchun ishlatiladigan 35 parametrdan 25 tasi 2024 yilda rekord darajadagi ko‘rsatkichni qayd etgan. Unga ko‘ra, 2024 yilning iyul oyida kuzatuv tarixidagi eng issiq uch kun kuzatilgan. Qazilma yoqilg‘i chiqindilari ham maksimal darajada ko‘paymoqda.
Bundan tashqari, olimlar Yer aholisi kuniga taxminan 200 ming kishiga oshib borayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, chorva mollari, qo‘y va echki soni ham shunga o‘xshash sur’atda, kuniga taxminan 170 ming bosh ko‘paymoqda. Qishloq xo‘jaligi hayvonlari issiqxona gazlarini chiqaradi va ularni boqish uchun katta energiya sarfi talab etiladi.
Hisobotda keltirilishicha, 2023 yilda qazilma yoqilg‘i iste’moli 1,5 foizga oshgan, bu asosan ko‘mir (+1,6%) va neft (2,5%) iste’molining ortishi hisobiga to‘g‘ri keladi. Biroq, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ham 2023 yilda o‘sgan: quyosh va shamol energiyasi iste’moli 2022 yilga nisbatan 15 foiz oshgan.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab har yili o‘rmonlarning yo‘qolishi 2022 yilda 22,8 million gektardan 2023 yilda 28,3 million gektarga ko‘paygani va atmosferadagi karbonat angidrid hamda metan gazlarining o‘rtacha yillik konsentratsiyasi tarixiy maksimumga yetgani qayd etilgan.
Olimlar, shuningdek, dunyo okeanlarining rekord darajada kislotali bo‘lib borayotgani, ularning issiqlik hajmi ortayotgani va Grenlandiya hamda Antarktidadagi muz massasi tarixiy minimumga tushib ketganini ma’lum qilgan.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, 2023 yilda AQSHda jazirama issiq tufayli o‘lim holatlari 2325 kishiga yetgan, bu 1999 yilga nisbatan 117 foizga oshgan.
Mualliflar davlatlar va xalqaro tashkilotlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ko‘proq foydalanishi va aholiga o‘zgarayotgan iqlim muammolari haqida ko‘proq ma’lumot berishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar muzyorar kemalar va suvosti robotlaridan foydalanib, Antarktidadagi Thwaites muzliklari shiddat bilan eriyotganini aniqlagan edi. Butun dunyo okean sathi ko‘tarilishi oqibatida oldini olib bo‘lmas halokatga yo‘liqishi mumkinligi xabar qilingandi.
LiveBarchasi